Oʻzbekistonda yangi karantin choralari e'lon qilindi

13:43 22 Mart 2020 Jamiyat
4563 0

Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz hududida bemorlar yoki kasallikka shubha qilingan shaxslarni oʻz vaqtida aniqlash va mamlakat boʻylab kasallik tarqalishining oldini olish, shuningdek, majlisda koʻrilgan boshqa masalalar yuzasidan respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi.

Qaror bilan bir qator cheklovlar oʻrnatilib, muayyan choralar koʻrilmoqda.

Respublika chegara hududlaridagi mavjud chegara oʻtkazish punktlari 23-mart kuni soat 00:01dan boshlab barcha shaxslar uchun (Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolaridan tashqari) yopiladi.

23-martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga (mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) asosiy ish faoliyatiga taʼsir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat taʼtiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.

Xodim va ishchilar oʻz ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da boʻlishi talab etiladi, shuningdek karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qoʻllaniladi.

Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23-martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz boʻlgan shaxslarga “ogohlantirish” beriladi.

25-mart kuni soat 6:00dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming soʻm) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan boʻlsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming soʻm) miqdorida jarima qoʻllaniladi.

Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sunʼiy vujudga keltirib, narxini oshirgan “tadbirkor”larga qatʼiy choralar koʻriladi.

Mamlakatimiz fuqarolarining sogʻligʻini himoya qilish maqsadida zarur boʻlmagan hollarda, ayniqsa 65 yoshdan yuqori va surunkali kasali bor boʻlgan yurtdoshlarimiz uyidan tashqariga chiqmasliklari va koʻchaga chiqqanda – shaxsiy himoya vositalari (niqob)da boʻlishlari tavsiya etiladi.

Barcha savdo va dehqon bozorlarida savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada boʻlishlarining oldini olishga qaratilgan choralar koʻriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер