Oʻzbekistonda “tax free” tizimi joriy etiladi
Foto: Arxiv surat
“Chet davlat fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishda avval xarid qilingan tovarlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimini joriy etish toʻgʻrisida” qaror qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 01.01.2023-yildan chet davlat fuqarolariga ular tomonidan Oʻzbekiston hududidagi chakana savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda toʻlangan QQS summasini qaytarish – “tax free” tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi.
“Tax free” respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo obyektlarida qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Umumiy qiymati kamida 1 mln soʻm boʻlgan “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtishi va xaridlari boʻyicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.
“Tax free” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisob varagʻiga oʻtkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni Soliq mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Chet davlat fuqarolari Oʻzbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin boʻladi.
“Tax free” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangan soʻng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring