Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzi va fitnesni targʻib etishda Indoneziya tajribasi oʻrganilmoqda
Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Sogʻlom turmush tarzi va fitnes assotsiatsiyasi hamda Indoneziya fitnes murabbiylari uyushmasi oʻrtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi.
Onlayn uchrashuv davomida Indoneziya tomoniga Oʻzbekiston Sogʻlom turmush tarzi va fitnes assotsiatsiyasi faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Yaqinda tashkil etilgan mazkur assotsiatsiyasining asosiy vazifasi aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini mustahkamlash, sogʻlom ovqatlanish tamoyillarini keng targʻib qilish, barcha yoshdagi fuqarolar oʻrtasida jismoniy qobiliyatni shakllantirish ekanligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish va ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida aytib oʻtildi.
Muloqot chogʻida tomonlar Oʻzbekiston Sogʻlom turmush tarzi va fitnes assotsiatsiyasi va Indoneziya fitnes murabbiylari uyushmasi oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini ham muhokama qildilar.
Qoʻshma dasturlar ishlab chiqish, fitnes va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan standartlar va sertifikatlash tizimlarini yoʻlga qoʻyish, metodologik qoʻllanmalar ishlab chiqish, murabbiylar tayyorlash sohasida tajriba almashish, shuningdek, seminarlar, mahorat darslari, oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini birgalikda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonda fitnes va sogʻlom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishish va bu sohada ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida ushbu Uyushma vakillarining Oʻzbekistonga amaliy safarini uyushtirish yuzasidan kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring