Oʻzbekistonda soatlik va kunlik elektr energiyasi isteʻmoli rekordi yangilandi
Anomal issiq fonida Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoli 2022-yilning yoz hamda 2023-yilning iyun oyidagi rekord koʻrsatkichlarni yangiladi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Xususan, 2023-yil 26-iyulda Respublika boʻyicha elektr energiyasi isteʻmoli 250,7 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. 2022-yilning xuddi shu kunida jami 236,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlatilgan boʻlib, kechagi koʻrsatkich avvalgi yildagidan 5,8 foiz ortiq boʻldi.
Bundan oldin 2023-yil 12-iyul kuni Respublika boʻyicha jami isteʻmol 247,5 mln kVt⋅soatni tashkil etib, rekord koʻrsatkich yangilangan edi.
Shu bilan birga, 26-iyul kuni elektr energiyasi isteʻmolining soatlik talabi qariyb 12 300 MVtni tashkil qildi. Bu 2022-yilning shu kundagi holatiga nisbatan 1 500 MVt (+14,1 foiz) koʻpdir.
Maʻlumot uchun, 2022-yilda maksimal elektr energiyasi isteʻmoli 27-iyulda qayd etilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 239 mln kVt⋅soatni, kunduzgi isteʻmol quvvati 10 800 MVtni tashkil qilgan.
Energetika tizimidagi elektr stansiyalari tomonidan kunlik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 243,9 mln kVt⋅soatni tashkil etdi. Bu 2022-yilning shu kungi holatiga nisbatan 21,5 mln kVt⋅soat (9,6 foiz) koʻpdir.
Eslatib oʻtamiz, yurtimizda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo elektr uzatish tarmoqlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyati 25 foizgacha pasayishiga olib keladi. Bu, birinchi navbatda, tarmoqlarning fizik xususiyatlariga bogʻliq boʻlib, bunday hollarda zarur chora sifatida tarmoqda majburiy cheklov kiritilmasa, yirik hajmdagi avariyalarga sabab boʻlishi hech gap emas.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring