Oʻzbekistonda rossiyalik turoperatorlar uchun Onlayn akademiya start oladi
Soʻnggi paytlarda xalqaro turizmning tiklanishi, shuningdek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida havo qatnovlarining qayta yoʻlga qoʻyilishi bilan rossiyalik sayyohlarning Oʻzbekistonga kelishiga boʻlgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni Rossiyadagi eng yirik va nufuzli turoperatorlar uyushmalaridan biri — ATOR (Assotsiatsiya turoperatorov Rossii) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga katta xohish bildirmoqda. 26-may kuni ATOR Internet portalida ishga tushirilgan “Oʻzbekiston akademiyasi” bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Maʼlumot uchun: ATOR (Rossiya turoperatorlar uyushmasi) — Rossiyaning turli mintaqalaridagi yirik turoperatorlarni oʻz ichiga olgan notijorat tarmoqli birlashmadir. ATOR 2007-yil 18-yanvarda tashkil etilgan boʻlib, uning aʼzolari Rossiyadan tashrif buyuruvchilarning 80 % dan ortigʻini, unga kirib keladigan oqimning 70 % dan koʻprogʻini va ichki sayyohlarning 60% ni taʼminlaydi. 2009-yildan beri ATOR YUNVTOning assotsiatsiyalashgan aʼzosi hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Rossiya turoperatorlar uyushmasi tomonidan qoʻshma loyiha - Rossiyadagi sayyohlik biznesi mutaxassislari va yangi boshlagan vakillari uchun har yili tashkil etiladigan Onlayn akademiya faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda u mamlakatimizning diqqatga sazovor joylarini rossiyalik sayyohlar orasida targʻib qiladi. Diyorimiz haqidagi zarur maʼlumotlar Oʻzbekistonning yangi qiyofasini ochish imkonini beradi.
Akademiya 9 yoʻnalishga ajratilgan boʻlib, u Oʻzbekistonga tashrif turpaketlari savdosining oʻsishiga hissa qoʻshadi, oʻzbek xalqining tarixi, madaniyati va anʼanalari, turizm turlari, shaharlar, turistik markazlar, madaniy merosimiz haqida qiziqarli va foydali maʼlumotlar, dam olish joylari va boshqalarni oʻz ichiga oladi.
Oʻqish doirasida onlayn kurslardan tashqari maxsus veb-seminarlar ham boʻlib oʻtadi, ularning doirasida tegishli soha mutaxassislaridan mamlakat haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni olish mumkin boʻladi.
Akademiya ishi nafaqat turizm bilan bogʻliq boʻlgan mutaxassislar uchun moʻljallangan, balki Oʻzbekistonga shunchaki qiziqqan har qanday inson uchun foydalidir. Bundan mamlakat boʻylab sayohat qilishda zarur va foydali maslahatlar oʻrin olgan. Mazkur akademiya bitiruvchilari Oʻzbekistonga sayyohlik yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis sertifikati bilan birga oʻquv kursi tashkilotchilarining sovgʻalariga ham ega boʻlishadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring