May oyida tovar va xizmatlar narxi qariyb 3 foizga oshdi
Statistika agentligining maʼlum qilishicha, 2024-yilning mayida respublikadagi oylik inflyatsiya darajasi 2,8 foizni tashkil etdi. Tovar va xizmatlar narxlarining bu qadar yuqori surʼatda o‘sishi oxirgi marta 2017-yil dekabrda kuzatilgan.

“Narxlar o‘sish surʼatlarining tezlashishi aholi uchun elektr energiyasi va gaz tariflarining oshishi fonida sodir bo‘ldi”, deyiladi agentlik axborotida.
May oyida respublikada inflyatsiyaning yillik ko‘rsatkichi 10,6 foiz darajasida qayd etildi. Taqqoslash uchun, 2023-yil iyun oyidan joriy yil maygacha yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 10 foizdan past darajada shakllanib kelayotgandi.

O‘tgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari narxi 2 foiz arzonlashgan. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foiz, xizmatlar 15,2 foiz qimmatlashgan. Yillik nisbatda esa oziq-ovqat mahsulotlari narxlarida 4,2 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlarida 7,5 foiz, xizmatlar narxida 27 foizlik o‘sish kuzatilgan.
May oyida muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan kartoshka apreldagi qiymatidan 2 foiz, sabzi 2,6 foiz, kungaboqar yog‘i 0,8 foiz, guruch 0,8 foiz, mol go‘shti 0,7 foiz, qo‘y go‘shti 0,8 foiz hamda shakar 1,1 foiz qimmatlashdi.

Bahorning so‘ngi oyida elektr energiyasi uchun to‘lov narxi eng yuqori darajada o‘sdi — 67 foiz. Shu bilan birga, gaz uchun to‘lov 29 foiz, siqilgan gaz narxi 42,9 foiz ko‘tarildi.
O‘tgan oyda issiq suv taʼminoti uchun to‘lov narxi apreldagiga nisbatan 1,1 foiz, dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari 1,3 foiz oshdi.

Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring