Oʻzbekistonda Parkinson kasalligini “chip” oʻrnatish yoʻli bilan davolash yoʻlga qoʻyildi
Foto: turkistonpress
Parkinson kasalligi hozirgi zamon neyroxirurgiya va nevrologiyasining eng dolzarb muammolaridan biri boʻlib, ushbu xastalik jahon miqyosida har 1000 odamdan 1-3 nafarida (0,1-0,3 foiz) kuzatiladi. Soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda ham ushbu kasallik bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU ) Neyroxirurgiya kafedrasida Turkiyaning Istanbul shahridagi Medikal Park klinikasi yetakchi mutaxassisi, professor Said Oʻzturk ishtirokida Xalqaro ilmiy-amaliy seminar va master-klass tashkil etildi.
Qayd etish lozim, Istanbul shahridagi ushbu klinikada bir yil davomida neyroxirurgiyaning barcha sohalarini qamrab olgan mingdan ortiq har xil turdagi murakkab texnologiyali neyroxirurgik operatsiyalar oʻtkazilgan.
SamDTU huzuridagi Koʻp tarmoqli klinikasida mamlakatimizda birinchi marta Parkinson kasalligini xirurgik davolash boʻyicha murakkab texnologiyali miniinvaziv operatsiya oʻtkazildi.
Besh yildan beri ushbu kasallik bilan ogʻrib kelayotgan 63 yoshli bemorning bosh qismiga “chip” oʻrnatish orqali operatsiya muvafaqqiyatli amalga oshirildi.
Ushbu murakkab texnologiyali operatsiya mamlakatimiz neyroxirurgiyasida Parkinson kasalligini xirurgik yoʻl bilan davolashdagi ilk qadam boʻldi. Operatsiyadan soʻng SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Turkiyaning Istanbul shahridagi Medikal Park klinikasi oʻrtasida kadrlar tayyorlash, Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Parkinson xirurgiyasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring