Oʻzbekistonda oʻtgan yili is gazidan vafot etganlar soni ochiqlandi
Joriy yilning 27-yanvar kuni AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi vakillari fuqarolarning is gazidan zaharlanishi boʻyicha umumiy statistik maʼlumotlarni taqdim etdi.
2021-yilda respublikada jami 74 nafar is gazidan zaharlanish holatlari aniqlangan boʻlib, shundan 67 nafari zaharlangan, 128 nafari vafot etgan boʻlsa, 2022-yil 25-yanvar holatiga koʻra, 16 ta holatda 9 kishi zaharlangan, 28 kishi vafot etgan.
Tahlillarga koʻra, gazdan zaharlanishning aksariyat holatlari quyidagilarga bogʻliq:
fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilgʻidan (koʻmir va oʻtin) foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya qilmaslik;
nostandart (uy qurilishi) yoki sertifikatlanmagan isitish pechlari va jihozlaridan foydalanish;
isitish pechlari dudboʻronlarini notoʻgʻri oʻrnatish;
havo almashinuvi boʻlmagan xonalarni isitish uchun ochiq olov (koʻmir) dan foydalanish;
havo oʻrnini bosuvchi shamollatish teshiklarini yopish.
Tahlil davomida ekspertlar baxtsiz hodisalar quyidagi sabablarga koʻra sodir boʻlganligini aniqladi:
elektr jihozlarini ishlatish qoidalarini buzish — 30%;
ochiq olovga ehtiyotsizlik bilan munosabatda boʻlish — 23%;
isitish pechlarini qurish va ulardan foydalanish qoidalarini buzish — 20%;
bolalar tomonidan ehtiyotsizlik — 9%;
chekayotgan vaqtda ehtiyotsizlik bilan muomala qilish — 8%;
gaz uskunasidan foydalanish qoidalarini buzish — 3%;
havo-gaz aralashmasining chaqnashlari — 16%.
Qayd etilishicha, qish mavsumida oʻrtacha har uchinchi yongʻinga isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanish sabab boʻlmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Fargʻonada uch nafar erkak is gazidan zaharlanib vafot etgani hamda Samarqandda oʻtgan yili is gazidan zaharlanib vafot etgan 18 kishi haqida maʼlumot berilgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring