Oʻzbekistonda oqova suv tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz, suv tozalash inshootlarining 88 foizi ishlamaydi

10:39 03 May 2019 Jamiyat
4592 0

Illyustrativ foto

Munisxon Karimova, “Xalq soʻzi Online”. Senat raisi oʻz maʼruzasida Senat qoʻmitasi tomonidan “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizishga yoʻl qoʻyish shartlariga oid qismining hududlarda ijro etilishi oʻrganilganini qayd etdi.

Tahlillar shuni koʻrsatdiki, mamlakatimizdagi mavjud markazlashgan oqova suv tarmoqlarining 44 foizi yaroqsiz holga kelgan.

Eskirgan kanalizatsiya tarmoqlaridan sizib chiqayotgan oqova suvlar yer osti suvlariga qoʻshilib ketmoqda.

“Suvoqova” davlat unitar korxonasiga qarashli suv tozalash inshootlarining 88 foizi faoliyat yuritmaydi, ulardagi laboratoriyalar bugungi kun talablariga umuman javob bermaydi.

Faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarida ham suv obyektlari, jumladan daryolar va soylarga oqova suvlarni oqizishga oid qonun hujjatlari ijrosining holati qoniqarsizdir.

Aksariyat korxonalarda suv tozalash inshootlarining yoʻqligi, borlarining ham talab darajasida emasligi oqibatida oqova suvlar biologik va kimyoviy tozalashdan oʻtkazilmasdan, hududlardagi daryo va soylarga toʻgʻridan-toʻgʻri oqizilmoqda.

“Misol uchun, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 87 ta korxonadan 44 tasida suv tozalash inshootlari mavjud emas, dedi N. Yoʻldoshev.

2017-2018 yillarda ushbu korxonalardan chiqqan sanoat oqindi suvlarining 83 foizi tozalanmasdan, toʻgʻridan - toʻgʻri kanalizatsiyaga oqizilgan.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 10 ta korxonaning 8 tasida suv tozalash inshootlari mavjud emasligi ham achinarli holdir.

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga qarashli 406 ta, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi tasarrufidagi 206 ta korxonadan chiqayotgan oqova suvlarning aksariyati ham tindirilmasdan va tozalanmasdan toʻgʻridan - toʻgʻri kanalizatsiyaga tashlanmoqda.

Oqibatda mazkur korxonalarga tutash hududlarda sanitariya qoidalari va gigiyena normalari jiddiy buzilmoqda.

Xususan, odamlar zararli moddalar bilan toʻyingan suvlarni isteʼmol qilmoqda.

Zotan, mamlakatdagi 58 ta suv tozalash inshootidan chiqayotgan oqova suvlar tahlil qilinganda, zararli moddalarning belgilangan meʼyorlarga nisbatan bir necha oʻn marotaba yuqori ekanligi aniqlandi.

Mutasaddi tuzilmalar esa, bu kabi hayotiy muammolarni samarali hal etish boʻyicha yetarlicha tashabbus koʻrsatmayapti.

Shu bois, biz mazkur masalani kun tartibiga kiritdik va uni atroflicha muhokama qilmoqchimiz.”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер