Oʻzbekistonda mustaqil “Aql markazlari”ga talab bormi?
"Maʻno" tadqiqotlar tashabbusi markazi direktori Baxtiyor Ergashev. Foto: “Xalq soʻzi”
Yaqinda AQSHning Pensilvaniya universiteti dunyodagi “aql markazlari” (think tanks) reytingini eʼlon qildi. Roʻyxatdan 7 mingdan ziyod muassasalar oʻrin olgan boʻlib, ularning aksariyati AQSH, G'arbiy Yevropa, Hindiston, Xitoy, Rossiya va Yaponiyada faoliyat yuritishi koʻrsatilgan. Oʻzbekistonda esa professional tahlil (analitika) bilan shugʻullanadigan markazlar soni, bor-yoʻgʻi, oʻn ikkita. Xususiylari undan ham oz. Ayni holat mamlakatda siyosiy tahlil va konsalting xizmatlari bozori deyarli rivojlanmaganidan dalolat beradi.
Sohadagi mavjud muammolar xususida “Maʻno” tadqiqotlar tashabbusi markazi direktori Baxtiyor Ergashev bilan suhbatlashdik.
— Baxtiyor Ismoilovich, ham davlat, ham nodavlat analitik sektorda koʻp yillik ish tajribasiga ega inson sifatida “aql markazlarimiz”ning bugungi holati haqida nima deya olasiz?
— Oʻzbekistonda siyosiy analitika sohasi ildam boʻlmasa-da, lekin rivojlanmoqda. Bugun biz yangi bozor shakllanayotgani va uning yangi “oʻyinchilari” sahnaga chiqayotganini koʻryapmiz. 2017-yilgacha mamlakatda mustaqil tadqiqot markazini ochish amrimahol edi. Darhol byurokratik toʻsiqlarga duch kelardingiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida esa bu narsalarga chek qoʻyildi. Markazimiz atigi ikki kunda davlat roʻyxatidan oʻtkazilganining oʻzi katta natija, deb hisoblayman.
Xususiy “aql markazlari” faoliyatiga erkinlik yaratilgani yaxshi, albatta. Ammo masalaning boshqa ogʻriqli jihati bor. Bu haqda men 2003-yildayoq yozgandim. Oʻzbekistonda siyosiy tahlil va konsalting xizmatlari bozorini tartibga soluvchi mexanizm haligacha yaratilmagan. Sohaga doir qonunchilik bazasi mavjud emas. Shu sababli bugungi kunda davlat va nodavlat “aql markazlari” oʻrtasida uzviy hamkorlikni taʼminlash, ular uchun teng, adolatli “oʻyin qoidalari”ni ishlab chiqish va chinakam raqobat muhitini yaratishning imkoni boʻlmayapti. Natijada davlatga tegishli analitik markazlar oʻz holicha, xususiylari oʻz holicha faoliyat koʻrsatyapti. Bunday tizimsizlik mamlakat hayotiga daxldor muhim siyosiy qarorlar qabul qilishda xolis tahlil va muqobil yechimlar taklif qila oladigan mustaqil ekspertlar ishtirokining minimallashuviga olib kelmoqda. Yaʼni bir tomondan, xususiy siyosiy tahlil markazlari bor-u, ammo ularning xizmatidan hukumat va davlat idoralari deyarli foydalanmayapti...
— Nega?
— Asosiy sabab siyosiy anʼanalarimizda. Keling, xorij tajribasiga yuzlanaylik. Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarini misol keltiraman. Koʻhna qitʼada yuzlab mustaqil “aql markazlari” bor va ularning aksariyati davlat buyurtmalarini bajaradi, yaʼni oʻz yurtining milliy manfaatlariga xizmat qilmoqda. Har qaysi davlat idorasining yillik byudjetiga “analitik faoliyatni moliyalashtirish”, degan alohida band kiritilgan. Shu asnoda vazirlik yoki kompaniya muayyan mavzuda tadqiqot loyihasini amalga oshirish uchun “aql markazlari” oʻrtasida tender eʼlon qiladi (bunday tanlovlar yil davomida bir necha marotaba oʻtkazilishi ham mumkin). Yevropada “aql markazlari”ning koʻpligi, aksariyati xususiy sektorda faoliyat koʻrsatishi va professional kadrlar bilan toʻyinganining asl sababi ham shunda. Yaʼni xolis analitikaga davlatning oʻzi talabgor. Siyosiy elita, turli darajadagi rahbarlar muayyan masalaga tashqaridan turib nazar solishni — mustaqil ekspertlar, siyosatshunos, iqtisodchi, sotsiolog, jurnalistlar, qoʻyingki, keng jamoatchilik fikrini oʻrganishni xohlaydi va buni toʻgʻri, deb hisoblaydi.
Xitoyda ham shunga oʻxshash tajriba yoʻlga qoʻyilgan. Bu mamlakatda xususiy tahlil markazlari yoʻq, biroq siyosiy analitika bozorida yuzlab “oʻyinchilar” oʻzaro raqobatlashadi. Xitoyshunos mutaxassislardan “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi ustida yuzdan ziyod “aql markazlari” ishlayotganini eshitib, ochigʻi, yoqa ushlab qolgandim. Tasavvur qiling, yuzta “aql markazi”ning har biri oʻz mahsulotini taqdim etsa, yuz xil ssenariy yuzaga keladi. Davlat rahbariyatida ularni oʻrganish hamda bir-biriga taqqoslash asnosida ehtimolli xatarlarni baholash va bartaraf etish imkoni tugʻiladi. Bu esa ham ichki, ham tashqi siyosatdagi muvaffaqiyat garovidir.
Afsuski, Oʻzbekistonda davlat ahamiyatiga molik masalalar yechimiga mustaqil ekspertlarni jalb qilish, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq (masalan, ommaviy axborot vositalari orqali), qizgʻin va konstruktiv muhokamalarni tashkil etish anʼanasi vujudga kelmagan. Hozir ijtimoiy-siyosiy xarakterdagi munozaralar, asosan, ijtimoiy tarmoqlarga koʻchgan. Ularning tashabbuskori blogerlar boʻlib qolmoqda. Ammo “post – kommentariy” formatida mavzuni chuqur tahlil qilish imkonsiz. Bunday holat yuzakilikni keltirib chiqaryapti. Vaholanki, jamoatchilik fikrini blogerlar emas, balki bilim doirasi keng professional analitiklar shakllantirishi kerak. Buning uchun mustaqil tadqiqotlarni oʻtkazish va natijalari haqida xalqni muntazam xabardor qilib borish talab etiladi.
— Ishni shu yoʻsinda tashkil etishga nima xalaqit beryapti? Oʻzbekistonda mustaqil analitika segmentining rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan qanday muammolar mavjud?
— Birinchi navbatda, byurokratiya. Oʻzbekistonda sobiq tuzumdan qolgan sarqit anʼanalar hali ham barham topgani yoʻq. Bu siyosiy analitika bozorida davlat va nodavlat sektori oʻrtasidagi nomutanosiblikda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Xususiy “aql markazlari”ning faoliyatini shartli ravishda ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi — siyosiy analitika, ikkinchisi — tijoriy loyihalar (marketing tadqiqotlari, investitsion sharhlar va h.k.).
Tijorat shartnomalari analitik markazlarning yashab qolishiga yordam beryapti. Biroq siyosiy masalalar, aytaylik, mamlakatda korrupsiya yoki soʻz erkinligining holatini aniqlash, mahalliy hokimlik institutini isloh etish, fuqarolik jamiyatining rivojlanish istiqbollari, yoshlar muammolarini oʻrganishga qaratilgan keng qamrovli tadqiqotlar oʻtkazish uchun ular deyarli buyurtma olayotgani yoʻq. Qizigʻi, mazkur yoʻnalishdagi oz sonli loyihalar ham, asosan, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy jamgʻarmalarning grant mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Davlat organlari esa jim. Shu choqqacha hali biron marta ijtimoiy-siyosiy tadqiqotlar uchun buyurtmalar portfeli shakllantirilib, analitik bozor ishtirokchilariga taqdim etilganini koʻrmadim.
— Demak, davlat boshqaruvi organlari mustaqil analitikaga zarurat sezmayapti, shundaymi?
— Ha, asosiy muammo shunda. Qolaversa, ular xohlagan taqdirda ham xususiy “aql markazlari” bilan bevosita ishlolmaydi. Sababi vazirlik va idoralar axborot-tahliliy faoliyatni moliyalashtirish manbalariga ega emas. Bordi-yu, qaysidir rahbar mustaqil tadqiqot oʻtkazishga jazm etsa, u byudjet mablagʻlarini maqsadsiz sarflaganlikda ayblanishi mumkin. Bunday byurokratik yondashuv davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar yuzasidan mamlakatdagi real holatni baholash imkonini bermaydi.
Amaldorlarda ham gap koʻp. Taassufki, ularning aksariyati bugungi kun bilan yashayapti. Shu bois tizimdagi muammolarni chuqur oʻrganish, tahlil etish hamda uzoq istiqbolli rejalar tuzishdan manfaatdor emas. Davlat mulozimlari oʻz idorasidagi uch-toʻrt kishilik axborot-tahlil boʻlimining xulosalari bilan cheklanib qolmoqda. Muqobil fikr, taklif va qarashlarga esa eʼtiborsiz. Kattaroq tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, yaqin yoki uzoq istiqbolga moʻljallangan strategiya, konsepsiya, “yoʻl xaritasi” va shu kabi dasturiy hujjatlarni tayyorlashga kelganda koʻpincha xorijiy konsalting kompaniyalari taklif qilinmoqda. Chunki mahalliy analitik markazlarga bepisand munosabatda boʻlgan, ularning jiddiy va murakkab tahlillarga tishi oʻtmasligini roʻkach qiladigan rahbarlarimiz talaygina.
Aslida, bu — stereotip, xolos. Axir katta haq evaziga chet ellik mutaxassislarga qildirilgan tahlillarning hammasi ham talabga javob beradi, deyish qiyin. Baʼzilari shunchaki umumiy gap va istaklar jamlamasidan iborat boʻlib qolmoqda.
Ishonch bilan aytamanki, Oʻzbekistondagi xususiy “aql markazlari”ning salohiyati Amerika yoki Yevropa “think tanks”laridan qolishmaydi. Biroq, yana takrorlayman, amalda ular davlatdan buyurtma olish hamda moliyaviy ahvolini barqarorlashtirish imkoniyatidan mahrum boʻlmoqda. Shu tufayli aksariyati xorijiy grantlarga “oʻtirib qolgan”. Boshqacha aytganda, hozir mustaqil siyosatshunos-ekspertlarimiz Oʻzbekistonning milliy manfaatlari emas, balki donor tashkilotlarning talab-istaklarini qondirish bilan ovora. Aniqrogʻi, shunga majbur boʻlmoqda. Bu ketishda besh — oʻn yildan soʻng yurtimizdagi xususiy “aql markazlari” tashqi kuchlar taʼsiriga toʻliq tushib qolmasa edi, deb xavotirdaman. Zotan, yaqin oʻtmishda xuddi shunday qismat “uchinchi sektor” boshiga ham tushgandi.
— 2005-yil voqealarini nazarda tutyapsizmi?
— Ha. Andijon voqealaridan keyin Oʻzbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlarining tarkibiy tuzilmasi va moliyalashtirish manbalari oʻrganib chiqilganda, aksariyati xorijiy tashkilotlarning grant mablagʻlari hisobiga kun koʻrayotgani ayonlashdi. Shundagina davlat “uchinchi sektor”ni doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlash zarurligini tushunib yetgan. Natijada Oliy Majlis huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda fond mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi. Bu mexanizm qanchalik samarali ishlayotgani — boshqa masala, muhimi, u mavjud.
Endilikda mustaqil “aql markazlari”ga ham maqsadli homiylik koʻrsatish, ularning sifat jihatidan yuksalishi hamda oʻzini namoyon etishi uchun sharoit yaratish payti keldi. Bu jihatdan yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida tashkil etilgan Jamoatchilik palatasidan umidimiz katta. Oʻylashimcha, mazkur tuzilma siyosiy analitika sohasida jahondagi ilgʻor tajribani oʻrganish hamda qoʻllashda lokomotiv rolini bajarishi darkor.
— Mustaqil ekspert doiralar va davlat tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlik qay yoʻsinda olib borilgani maʼqul? Bu borada rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan, qoʻshni respublikalardan oʻrnak oladigan jihatlarimiz bormi?
— Hamdoʻstlik davlatlarining deyarli barchasida ahvol biznikiga oʻxshash. Toʻgʻri, Rossiyada mustaqil “aql markazlari” nisbatan koʻp, biroq davlat siyosiy qarorlar qabul qilishda ularning pozitsiyasi bilan hisoblashyaptimi — mana bu ochiq savol. Mustaqil analitik tadqiqotlar uchun davlat buyurtmalari portfelini shakllantirish hamda ularni byudjetdan moliyalashtirish tizimini joriy etishga Qozogʻiston oʻn yildan buyon harakat qilmoqda. Jarayon juda sekin va katta qiyinchiliklar bilan amalga oshyapti. Chunki tamomila boshqacha dunyoqarash va siyosiy madaniyatga asoslangan mexanizmni birdaniga ishga tushirib boʻlmaydi.
Yevropadan andoza olish yoʻlini tanlagan Boltiqboʻyi mamlakatlarida ham mexanizm hali toʻliq shakllanib ulgurgani yoʻq. Harqalay, men mazkur masalada tayyor qolip (shablon)lardan foydalanishni tavsiya etmagan boʻlardim. Har qaysi mamlakat analitik xizmatlar bozorini ichki shart-sharoit, hukumat va jamiyat hamda ikkala tomonni ifoda etuvchi institutlarning oʻzaro muloqotga tayyorgarlik darajasidan kelib chiqqan holda rivojlantirgani maʼqul.
Yana bir gap. Oʻzbekistonda davlat tasarrufidagi analitik markazlar segmenti ancha yaxshi rivojlangan. Lekin xususiy “thing thanks”lar nihoyatda kam. Ustiga-ustak, aksariyati moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mana shu oʻrinda davlat va mustaqil tadqiqot muassasalari oʻrtasida jiddiy nomutanosiblik borligini payqash mumkin.
Davlatga qarashli siyosiy tahlil markazlari moddiy-texnik taʼminot, xodimlarga maoshni qayerdan chiqarib berishni oʻylab bosh qotirmaydi. Chunki tashkiliy masalalarning barchasi muassis zimmasida. Shu bois ular oʻz vazifasini bamaylixotir bajara olyapti. Faqat bitta lekini bor. Axborot-tahliliy faoliyat bilan targʻibotchilikni bir-biridan farqlash nihoyatda mushkul. Yashirib nima qildik, hukumat tasarrufidagi “aql markazlari” nafaqat tadqiqotlar oʻtkazish, balki davlat siyosati targʻibotini olib borishga ham majbur. Aslida, buning sira ajablanarli joyi yoʻq, chunki butun dunyoda shunday. Ammo Oʻzbekistondagi xususiy “aql markazlari” mustaqil analitika bozori nisbatan rivojlangan mamlakatlardan farqli oʻlaroq, davlatning “siyosiy oshxonasi”ga deyarli yoʻlatilmaydi.
— Sizningcha, buning sababi nimada? Nega davlat ichki va tashqi siyosiy faoliyat bilan bogʻliq masalalarda xususiy “aql markazlari” kuchiga tayanmayapti?
— Oʻylashimcha, rasmiy doiralarimiz mustaqil analitikaning ahamiyatini eʼtibordan chetda qoldiryapti. Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy jabhada jiddiy tahliliy faoliyat bilan shugʻullanadigan nufuzli tadqiqot markazlari bor. Shaxsan oʻzim ularning bir nechtasida ishlaganman. Biroq davlatga qarashli “aql markazlari” qanchalik salohiyatli boʻlmasin, baribir, hukumat pozitsiyasidan kelib chiqib fikr yuritadi. Chunki bunday muassasalarning bosh maqsadi davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlashdan iborat. Xolis, tanqidiy va muqobil fikr bera oladigan mustaqil analitiklarni eshitish koʻnikmasi esa hali shakllanmagan. Shu bois mamlakat hayotiga daxldor muhim qarorlar koʻpincha yopiq rejimda qabul qilinmoqda. Jamoatchilik ular haqida masalaga oxirgi nuqta qoʻyib boʻlingandan keyingina xabar topyapti.
Birgina misol. Oʻzbekiston toʻrt tomoni quruqlik bilan oʻralgan mamlakat. Dengiz yoʻllariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniyatimiz yoʻq. Shu sababli bizga ishonchli va qulay transport koridorlari nihoyatda zarur. Hozir Oʻzbekiston bir qancha yirik logistik loyihalarda ishtirok etmoqda. Xususan, yaqinda qurilishiga start berilgan Mozori-Sharif — Kobul — Peshavar temir yoʻlining yorqin istiqbollari toʻgʻrisida balandparvoz gaplar aytilmoqda. Vaholanki, markazimiz mazkur masalani jiddiy oʻrganib chiqdi. Ochigʻini aytaman, loyiha jozibador koʻringani bilan uning bahslashadigan jihatlari koʻp.
Yangi temir yoʻl orqali yuk olib oʻtish Bandar-Abbos porti (Eron)ga eltuvchi transafgʻon koridoridan foydalanganga qaraganda ikki baravar arzonga tushishi aytilmoqda. Lekin faqat masofani oʻlchash bilan ish bitmaydi. Xavfsizlik masalasini ham oʻylash kerak. Bir qator logistik kompaniyalar rahbarlari bilan muloqotda boʻldim. Ular Afgʻonistonning notinch hududlari orqali yuk tashishdek ulkan tavakkalchilik (risk)ni boʻyniga olmasligini aytmoqda. Boz ustiga, istalgan sugʻurta kompaniyasi bunday xavfli yoʻnalishga otning kallasidek narx chiqarib berishi aniq. Shu bois tariflar ikki baravar arzonlashadimi-yoʻqmi, bu hali nomaʼlum.
— Oʻzbekistonda mustaqil siyosiy analitikaning istiqbolini qanday koʻryapsiz?
— Menimcha, vaziyat asta-sekin ijobiy tomonga oʻzgaradi. Oʻtgan yili Prezidentimiz davlat tashkilotlarining xususiy “aql markazlari” bilan uzviy hamkorligini taʼminlash, analitik faoliyatni kuchaytirish hamda sohada munosib kadrlarni tarbiyalash xususida gapirgandi. Demak, amaliy ishlarga oʻtish vaqti keldi. Bu yoʻldagi dastlabki qadam davlat va jamiyat oʻrtasidagi ochiq muloqot mexanizmini yaratish boʻlsa, ajab emas. Oʻylaymanki, keyingi yillarda ijro hokimiyati organlari, parlament va boshqa mutasaddi idoralarning mustaqil analitikaga talabi ortib boradi. Harqalay, shunday boʻlishini juda xohlardim.
Nargiza UMAROVA suhbatlashdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring