Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi samarali kurashish, kasallikning respublikamiz hududiga kirib kelishining oldini olishga qaratilgan amaliy loyihalar tanlovi eʼlon qilindi
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (WHO) tomonidan 2019-yilning 31-dekabr kuni Xitoyning Uxan shahrida nomaʼlum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelganligi maʼlum qilindi. Xitoylik mutaxassislar kasallik qoʻzgʻatuvchisi COVID-19 koronavirusi ekanini aniqlashdi. 2020-yilning 10-mart holatiga koʻra, kasallik jahonning 115 ta mamlakatida qayd etilib, dunyo aholisidan 115825 kishi kasallik yuqtirgani, 4087 kishi esa koronavirusdan vafot etganligi qayd etildi.
Yuqoridagi holat respublikamizda koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlil qilish asosida ularni davolash texnologiyalarini yaratish hamda koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikumlar yaratishga ehtiyojni yuzaga keltirmoqda.
Hozirda jahon boʻylab tarqalayotgan koronavirus infeksiyasining (COVID-19) Oʻzbekistonga kirib kelmasligini taʼminlash avvalo mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yana-da yuqori darajaga koʻtarishni taqozo etadi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
"Ilmiy loyihalarga davlat buyurtmasi doirasida amalga oshiriladigan amaliy loyihalar mavzulari:
“Koronavirusli infeksiyalar patogenezini chuqur tahlili asosida ularga qarshi kurash va davolash texnologiyasini yaratish” boʻyicha bajarilishi ikki yilga moʻljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 2,0 mlrd soʻm);
“COVID-19 koronavirus shtammlarini aniqlash uchun molekulyar-genetik diagnostikum yaratish” boʻyicha bajarilishi bir yilga moʻljallangan amaliy loyiha (umumiy moliyalashtirish hajmi – 1,5 mlrd soʻm).
Taqdim etilgan loyihalar www.fan-portal.uz veb-sahifasi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazilishi shart. Elektron roʻyxatdan oʻtmagan, tanlov mavzusidan tashqari mavzularda tayyorlangan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Qogʻoz shaklda taqdim etilgan loyihalar ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari imzolagan yoʻllanma xati asosida qabul qilinadi.
Loyiha matni A4 formatdagi standart qogʻoz varagʻining ikki tomonida joylashishi va qoida tariqasida 1,15 qator oraligʻida yozilishi lozim. Har bir bet yuqoridan va pastdan 2 sm; chapdan 3 sm; oʻngdan 1,5 sm hoshiyaga ega; xatboshi 1,27 sm ga teng va bir xilda boʻlishi lozim.
Matnni kompyuter vositasida bosib chiqarishda “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftda “Misrosoft Word” matn redaktoridan foydalanish tavsiya qilinadi.
Betlar titul varagʻidan boshlab oxirgi varaqqacha izchil ketma-ketlikda raqamlanadi. Betning tartib raqami varaqning pastki oʻng burchagida 2 raqamidan boshlab yoziladi. Titul varagʻiga 1 raqami qoʻyilmaydi.
Loyiha har bir talab qilingan hujjati va boshqa tarkibiy qismlari yangi betdan rasmiylashtiriladi.
Loyiha rahbari va ishtirokchilarining mezonlarda talab qilingan ilmiy ishlar roʻyxati (oxirgi 3 yil davomidagi nashrlar quyidagi xronologik tartibda keltirilib, izchil ketma-ketlikda raqamlanadi: monografiya; patent; ilmiy maqola; ilmiy toʻplamlar va boshqa nashr ishlari) 3.4-shaklga qatʼiy rioya qilingan holda rasmiylashtiriladi va muallif, ilmiy kotib tomonidan imzolanadi va tashkilot muhri bilan tasdiqlanadi.
Elektron roʻyxatdan oʻtkazilgan loyihalar 2020-yilning 15-apreliga qadar shanba va yakshanba kunlaridan tashqari har kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha vazirlik binosida qabul qilinadi.
Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-iyuldagi
PQ-3855-son qaroriga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtirilishi shart.
Taqdim etiladigan loyihalarga tegishli vazirliklardan loyiha mavzusi, uning bajarilishi va undan kutilayotgan natijalar Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining tarmoq va sohalarini rivojlantirish uchun zarurligi taʼkidlangan hamda tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashlari tomonidan tavsiya etilganligi haqidagi qaroridan koʻchirma ilova qilinishi lozim.
Tanlov oʻtkazilishining obyektivligi, adolatliligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida loyihalarni qabul qilish, ekspertizasini amalga oshirish, maxsus belgilangan xonalarda videokuzatuv vositalari (kameralar) orqali yozib olinadi.
Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
Belgilangan muddatda fan yoʻnalishlari boʻyicha elektron va qogʻoz shakllarda taqdim etilmagan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Tanlovga bitta loyiha kelib tushgan taqdirda qayta eʼlonga beriladi va natijasi boʻyicha agar loyiha kelib tushmasa, dastlabki kelib tushgan loyiha bilan muzokara oʻtkazilib, salohiyatiga koʻra ITKga chiqariladi.
Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot www.mininnovation.uz veb-saytida “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv” xizmati orqali ochiq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
www.fan-portal.uz veb-portali orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining qoʻllab-quvvatlash xizmati: (71) 203-32-23 (620, 621) – Axborot texnologiyalarini joriy etish boʻlimi" deyiladi vazirlik maʼlumotida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring