Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni birdan oshdi. Bu yangi shtamm bilan bogʻliq emasmi?
Oʻzbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni birdan koʻpaydi. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra 2021-yil 9-fevral kuni 33 kishida infeksiya tasdiqlangan. Yangi kasallanish holatlarining Andijon (1 nafar), Xorazm (1 nafar), Toshkent (4 nafar) viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida (27 nafar) aniqlangan. SSV maʼlumotiga koʻra, kasallik koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlgani sababli namuna olingan fuqarolar orasida qayd etilgan.
2021-yil 10-fevral kuni esa yana 66 kishida kasallik aniqlangan. Yangi kasallanish holatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasida (1 nafar), Andijon (1 nafar) Buxoro (1 nafar), Jizzax (2 nafar), Namangan (2 nafar), Toshkent (3 nafar), Fargʻona (4 nafar), Samarqand (10 nafar) viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida (42 nafar) qayd etilgan. Shuningdek, 1 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 622 nafarga etdi.
Yangi holatlarning nega bunday birdan koʻpayishiga vazirlik tomonidan izoh berilmagan.
Maʼlumki, shu yilning 30-yanvar kuni «Covid-19»ning “britancha shtamm”i yurtimizda ham ilk bor qayd etilgan edi. Ushbu mutatsiya avvalgilariga qaraganda yuqumli hisoblanadi. Virus 2010-yilda tugʻilgan poytaxtlik fuqaro Sh. oila aʼzolari bilan birgalikda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga safar qilib, 2021-yilning 23-yanvar kuni Toshkentga qaytib kelgan oʻsmir qizda aniqlangan.
Oʻshanda bemorning umumiy holati qoniqarliligi, shikoyatlari yoʻqligi, tegishli tibbiy standartlar boʻyicha davo muolajalarini olayotgani maʼlum qilingandi. Keyinchalik bu bemor haqida boshqa maʼlumot berilmadi.
Shu tariqa ayni paytda Oʻzbekistonda «Covid-19» rasman qayd etilganlar soni 79 303 kishini tashkil etmoqda. Ushbu bemorlardan 77 726 nafari kasallikdan forigʻ boʻlgan.
SSV maʼlumotiga koʻra, tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 955 nafar bemordan 153 nafari ogʻir, 29 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring