O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sifatini baholovchi terminallar joriy etiladi

12:17 30 Mart 2018 Iqtisodiyot
3009 0
Foto: masrawy.com

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi jamoat joylarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifatini tekshirish tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganib chiqayapti. 

Mazkur loyiha “Mehmondo‘stlik kelishuvi” dasturi asosida ishlab chiqilmoqda.

“Servis xizmati, infratuzilma holati va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashda ko‘pincha ekspertlar fikriga tayaniladi. Lekin turistlarning o‘zidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nima yaxshiyu nima yomonligini so‘rashning o‘zi afzal emasmi? “ClickSmile” bazasi asosida hayotga tatbiq etilayotgan xizmat ko‘rsatish sifatini monitoring qilish va boshqarish tizimi mazkur masalaga yechim topish imkonini beradi”, — deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tarqatilgan xabarda.

Mazkur yangilik sharofati bilan turistlar aeroportlar, vokzallar, mehmonxonalar, jamoat joylari va savdo maskanlari faoliyatini baholay oladi. Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, ushbu tizimning joriy etilishi bilan mijoz sadoqati darajasi 15-20 foiz o‘sadi. Bundan tashqari, boshqaruv xarajatlari tejaladi.

Ana shulardan kelib chiqib, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi aholiga xizmat ko‘rsatadigan barcha tashkilot va kompaniyalarga o‘zaro aloqa qilish terminallarini o‘rnatishni tavsiya etayapti. Xususan, davlat muassasalari, “Yagona oyna” markazlari, aeroportlar, vokzal va avtovokzallar, bojxona va chegara xizmatlari, mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari, mashhur sayyohlik yodgorliklari yaqinlari va boshqa joylarga shunday qurilmalar qo‘yish maqsadga muvofiq.

Terminaldagi birgina tugmani bosish orqali ikkita masala hal bo‘ladi: biri – mijoz fikrini eshitish imkoniyati bo‘lsa, ikkinchisi mavjud muammolarni tahlil qilish va bartaraf etish uchun statistika ma’lumotlarini yig‘ishdir. 

Qurilma insonlarga to‘rt darajadagi his-tuyg‘uni bildirish imkonini beradi: “juda qoniqarli” – tabassum(smaylik) qilayotgan chehra tasviri tushirilgan yashil tugma, “to‘liq qoniqarli” – to‘q yashil rangli tugma, “salkam qoniqarli” – xafa yuzli tasvir tushirilgan pushti rangli tugma va nihoyat, “umuman qoniqarsiz” – jahldor yuz tasviri tushirilgan qizil rangli tugma. Bitta terminal har kuni minglab anonim munosabatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Mutaxassislar shu kabi terminallarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish masalasini ko‘rib chiqayapti hamda bu borada mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 

Bunday qurilmalar bugun dunyo amaliyotida, xususan, qirqdan ortiq mamlakatda keng qo‘llanilayotir. To‘rt tugmali ushbu terminalning ijobiy tomonlari haqida bugungi kungacha iste’molchilar internetda qariyb 700 millionta fikr bildirgan. Ular haqida “Amazon”, “Yelp” va “TripAdvisor” platformalarida o‘qish mumkin.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер