Oʻzbekistonda iyul oyidan “Volkswagen Caddy” avtomobillari savdosini boshlash rejalashtirilmoqda

12:04 03 Iyun 2020 Iqtisodiyot
1538 0

Joriy yilning mart oyida «Oʻzavtosanoat» AJ va «Folksvagen Grup Rus» konserni oʻrtasida “Jizzax Avtomobil Zavodi” MCHJ kompaniyasi bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Kelishuv imzolangan edi. Bugungi kunda 45 gektar maydonda joylashgan zavodning qurilish ishlari yakuniy bosqichida turibdi. Zavod va ofisning asosiy qismi binolari bitkazildi va foydalanish uchun tayyor. Bu haqda AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarish jarayonini jadallashtirish maqsadida Oʻzbekistonga “Volkswagen Caddy” avtomobillarining bir qismi keltirilib, ular sertifikatsiya boʻyicha vakolatli organlarga iqlim sinovlar va omologatsiya boʻyicha maxsus tekshiruvlardan oʻtkazish uchun topshirildi. Hozirda «Oʻzstandart» agentligi tomonidan sertifikatsiyalash va transport vositalarining amaldagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash, jumladan, sertifikatsiyalovchi organ tomonidan nazorat iqlim tekshiruvlari va Umumiy texnik reglament talablariga binoan boshqa sinovlarni oʻtkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bir vaqtning oʻzida «Jizzax Avto» MCHJ tomonidan «Folksvagen» dilerlik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida respublika hududlaridagi qator dilerlik korxonalar hamkorlik qilish uchun tanlab olindi. Shuni taʼkidlash joizki, “Volkswagen Caddy” rusumli avtomobillar savdosi shu yilning iyul oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda.

«Har bir diler korxonalarining loyihalari alohida, «Folksvagen» mijozlarining avtosalon hududi boʻylab qulay harakatlanishiga yoʻnaltirilgan kompaniyaning konsepsiyasiga muvofiq tasdiqlandi. Hozirda «Folksvagen» standartlariga muvofiq yangi dilerlik markazlarini qurish boʻyicha ishlar olib borilmoqda, ularning barchasi xaridorlarga sifatli servis xizmatini koʻrsatish uchun zamonaviy jihozlar bilan jihozlanadi», — qayd etib oʻtdi «Jizzax Avto» bosh direktori Oybek Ayubov.

Bundan tashqari, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida «Jizzax Avto» kompaniyasi va dilerlik korxonalari xodimlarini «Folksvagen» brendi global standartlariga muvofiq oʻqitish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqildi. 2020-yil may oyida «Folksvagen» kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida mahsulot savdosini yuritish va avtomobillarga xizmat koʻrsatish boʻyicha ilk oʻquv treninglar oʻtkazildi.

Maʼlumot uchun: “Volkswagen Caddy” - 7 oʻrindiqli (5-oʻrindiqli koʻrinishi ham mavjud) yoʻlovchi va yuk miniveni. Avtomobil ham biznes yuritishga, ham oilaviy foydalanish uchun toʻgʻri keladi. Tejamkor va texnologik (MPI) dvigatel 1,6 litr quvvatga ega, benzinda ishlaydi. Yoqilgʻi sarfi — shaharda 100 km.ga 9,3 litr, trassada 100 km.ga 6,1 litr.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер