Oʻzbekistonda islomiy moliya va bankchilikka boʻlgan qiziqish qanday? — Ekspert fikri
1960-yillarda Misrda islom bank tizimining paydo boʻlishi olamshumul voqealik emas edi, ammo yarim asrdan koʻproq vaqt davomida ushbu soha barqaror rivojlanib kelmoqda. Soʻnggi yillarda Islom moliya tizimi tushunchasi koʻplab mamlakatlar moliyachilarining soʻz boyligidan mustahkam oʻrin oldi. Darhaqiqat, turli mamlakatlarda, hattoki aksariyat aholisi islom diniga mansub boʻlmagan davlatlarda ham, jumladan AQSH va Buyuk Britaniyada, ushbu moliyaviy institut anʼanaviy bank xizmatlariga alternativ moliyalash tizimi sifatida barqaror rivojlanmoqda. Shuning uchun islom bankchiligini oʻrganish global iqtisodiyotda dolzarb mavzu hisoblanadi. Anʼanaviy bank tizimiga alternativ moliyalash shakllari mavjudligini bilish qiziqarli va foydalidir.
Yillik 15-20 foiz oʻsish surʼatiga ega Islomiy bank dunyo boʻylab oʻzining ufqlarini kengaytirdi va 75 dan ortiq mamlakatda oʻz muassasalariga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Islom taraqqiyot bankiga (ITB) 2003-yilda aʼzo boʻlgan. Ushbu qisqa muddatli hamkorlik davomida ITB Guruhining Oʻzbekistondagi portfeli koʻp jihatdan Hukumat bilan faol hamkorlik tufayli jiddiy miqdorda oʻsdi. Bu esa Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyaviy dasturlari qator ustuvor milliy loyihalarining moliyalanishi maʼqullanishida namoyon boʻldi. Ayni paytda ITBning Oʻzbekistondagi portfeli Markaziy Osiyo hududida eng yirik (1,8 mlrd. dollardan ziyod) hisoblanadi.
UzAnalitycs tahliliy sayti muxbiri Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakili Husan Hasanov bilan ITB va Oʻzbekiston banklari oʻrtasidagi hamkorlik hamda respublikada islomiy moliyalash tizimining rivojlanish istiqbollari haqida suhbatlashdi.
Husan Hasanov 2012-yildan buyon Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasini boshqarib keladi, oʻzbek, rus, ingliz va nemis tillarini biladi, shuningdek, arab tilida fikrlarini ifodalay oladi.
— Islomiy tamoyillarga asoslangan moliyalashtirishning anʼanaviy bank tushunchalaridan farqi va mohiyati nimada?
— Islomiy moliyalashtirishning anʼanaviy moliyalashtirishdan asosiy farqi shundan iboratki, islomiy moliya foyda va zararni boʻlishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni oʻzida namoyon qiladi. Boshqacha qilib aytganda, islomiy moliyalashtirish sherikchilikka, hamkorlikka asoslangan. Bunda islomiy banklar mijoz talabi boʻyicha obyektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xom ashyolar sotib olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Pul muomala vositasi sifatida koʻriladi, yaʼni pulni oʻzini foizga yoki biron-bir naf/foyda evaziga qarz sifatida berish taqiqlanadi. Ijara yoki islomiy lizingni unga muqobil boʻlgan anʼanaviy lizingga avtomobil sotib olishni solishtiradigan boʻlsak, anʼanaviy bank avval siz bilan lizing shartnomasini tuzadi, keyin 25 % yoki bankni ixtiyoriga qarab boshqa miqdorda oldindan toʻlov oladi, keyin mijoz salon bilan avtomobil oldi-sotdi shartnomasiga asosan toʻlovni amalga oshiradi. Keyin yillik 25 % (misol tariqasida) miqdorida ustama haqini hisoblab, sizga 3 yilga bir xil toʻlovda oyma-oy toʻlash jadvalini taqdim etadi. Toʻlov kechikadigan boʻlsa, unga nisbatan jarima sifatida komissiya undiriladi va u foydaga kiritiladi.
Islomiy bank esa sizning talabingizga asosan salon bilan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini imzolaydi, toʻlovlarni amalga oshiradi, keyin uni sizga ustiga foydasini qoʻygan holda maʼlum bir muddatga egalik huquqini oxirida oʻtkazib berish sharti bilan ijaraga beradi. Toʻlov kechikkan holda jarima olish taqiqlanadi, lekin bu holatni suiisteʼmol qilmaslik uchun intizomiy chora sifatida shartnomaga qoʻshishga ruxsat etilgan. Biroq anʼanaviy bank tizimidan farqli oʻlaroq bu jarima qoʻllanilgan holatda u foydaga olinmaydi va xayr- ehsonga ishlatib yuboriladi. Koʻrinib turganidek, birinchi holatda anʼanaviy bank sizga pulni foizga beryapti, ikkinchi holatda esa bank sizga oʻz mulkini ijaraga berish orqali foyda qilyapti.
— Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekiston banklari bilan hamkorligining hozirgi holati haqida gapirib bersangiz
– Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibiga bir qancha tashkilotlar kirib, shulardan Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK) Oʻzbekiston banklari bilan hamkorlik qiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 21-dekabrdagi 596-sonli qarori bilan Oʻzbekiston XSRIKga aʼzo boʻlgan va 2006-yildan boshlab mahalliy tijorat banklari va tadbirkorlar bilan hamkorlik qilib keladi. Xususan, Murobaxa (ustama haqi evaziga sotish) moliyalashtirish usuli orqali tijorat banklariga moliyalashtirish liniyalari ajratilgan. Ushbu liniyalardan Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qayta ishlash va iqtisodiyotning boshqa sohalarida ishlab kelayotgan korxonalar oʻz faoliyatlarini yana-da rivojlantirish uchun foydalanadilar.
Mazkur yoʻnalishda XSRIK shu kungacha 15 ta tijorat banklari va 2 ta lizing kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan va bugungi kungacha banklarga 285 million AQSH dollari miqdorida moliyalashtirish liniyalarini ajratish maʼqullangan.
Bundan tashqari, XISMK tomonidan, tadbirkorlarga qisqa muddatli (1 yil mobaynida qaytariladigan) savdoni moliyalashtirish liniyalari bir nechta mahalliy banklar bilan hamkorlikda taqdim etilmoqda. Bunda ham Murobaxa moliyalashtirish usuli ishlatilib asosan xom ashyo va uskunalar sotib olish uchun moʻljallangan. XISMK tomonidan maʼqullangan loyihalar qiymati 82 million AQSH dollarini tashkil etdi.
— Ayni paytda qanday hamkorlik dastur va loyihalari mavjud? Oʻzbekistonning qaysi banklari bilan va qanday hajmlarda bunday munosabatlar mavjud?
— Bugungi kunda XSRIKning Aloqabank, Aziya Alyans Bank va Turonbank bilan hamkorlikdagi jami 30 million AQSH dollarlik moliyalashtirish liniyalari mavjud. XISMK tomonidan esa, Aziya Alyans Bank, Kapitalbank, Oʻzsanoatqurilishbank va Trastbankga jami 32 million AQSH dollarlik moliyalashtirish liniyalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmaga 50 mln. AQSH dollari ajratilgan.
— Hozirgi kunda Oʻzbekistonda islomiy moliyalash tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari mavjudmi? Agar shunday boʻlsa, qanday xizmatlar?
— Yuqorida aytib oʻtilganidek, mahalliy banklar yordamida Murobaxa usuli orqali bir qancha loyihalar amalga oshirilyapti, bundan tashqari bir qancha xususiy va aksiyadorlik kompaniyalari orqali Islom tamoyillariga toʻgʻri keladigan muddatli sotish yoki lizingga asoslangan xizmat turlarini ham taklif etmoqdalar.
Misol uchun, XSRIK homiyligida tashkil etilgan Toiba lizing kompaniyasi mijozlarga ijara (islomiy lizing) xizmatini yoʻlga qoʻygan boʻlib, bunda mijozlarga foizsiz lizing shartnomasi, yaʼni asbob-uskunalarni sotib olishda ularning ustiga kompaniyaning ustama haqini qoʻygan holda muddatli boʻlib-boʻlib berish orqali mablagʻlarni qaytarish imkoniyati mavjud. Shu kabi shartlarda, Oʻzbek lizing kompaniyasi va bir qancha xususiy tadbirkorlar avtomobil, koʻchmas mulk va maishiy texnikalarni muddatli toʻlov asosida sotish xizmatlarini yoʻlga qoʻyganlar.
Islom taraqqiyot banki ham ijara, boʻlib toʻlab berish sharti bilan sotish va istisno tarzida Hukumat loyihalarini ham moliyalashtirib kelmoqda. Biroq Oʻzbekistonda mahalliy tijorat banklari tomonidan shariatga muvofiq moliyalashtirish uslublari mavjud emas. Bunga asosiy sabab Oʻzbekistonda islomiy moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan qonunchilikning yoʻqligi va mavjud qonunchilikda bu tizimni ishlashi uchun nomutanosibliklarning mavjudligidir.
— Oʻzbekistonning qaysi banklari biznes va aholi uchun shu kabi bank xizmatlarini taklif qilmoqdalar?
— Afsuski, hozir kunda mahalliy banklarda bunday xizmatlar mavjud emas va ular asosan foizlarga asoslangan isteʼmol yoki ipoteka kreditlarini taklif qiladilar.
— Oʻzbekistonda islom bankchiligini rivojlantirish, islomiy moliyalash tamoyillariga asoslangan kreditlash va boshqa bank xizmatlarini kengaytirish istiqbollarini qanday baholaysiz? Sizning taxmin va mulohazalaringiz nimaga asoslanadi?
— Oʻzbekiston aholisining qariyb 90 foizini musulmonlar tashkil qiladi va shu faktning oʻzi Oʻzbekistonda islomiy moliya va bankchilikka boʻlgan qiziqishning qanchalik katta ekanligidan dalolat beradi. Bilamizki, islomda sudxoʻrlik, yaʼni pulni foizga berish orqali foyda olish taqiqlangan, anʼanaviy bank tizimi esa foizlarga tayanadi. Diniy eʼtiqodlarga tayangan, foiz, kredit va shu kabi bank xizmatlaridan foydalanishni istamagan aholi qatlami uchun Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari taklif etilsa, bu Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishi va ichki investitsiya hajmining ortishiga katta turtki boʻladi, deb bemalol ayta olamiz. Bu tizimni joriy qilinishi Oʻzbekistonda jamgʻarma va foydalanilmayotgan pul mablagʻlarini bank tizimiga jalb qilish, xufiyona iqtisodiyot salmogʻini kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga asos boʻlib xizmat qiladi.
Bu borada aniq maʼlumotlarni keltirish mumkin. Xususan, mening nomzodlik ishim doirasida, Oliy oʻquv yurti talabalari va professor oʻqituvchilari, tadbirkorlar va aholining boshqa qatlami oʻrtasida (jami 700 ga yaqin qatnashchilar) islom moliyasi va bankchiligi toʻgʻrisida fikr va mulohazalarni oʻrganish maqsadida shu yilning boshida Soʻrovnoma oʻtkazildi va uning natijalari boʻyicha shuni ayta olamanki, respondentlarning qariyb 90 foizi Oʻzbekistonda islom bankchiligini yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor yoki bunga ehtiyoj bor deb hisoblaydi. Shu bilan birga taʼkidlab oʻtishim joiz, Oʻzbekistonda hali islom moliyasi va bankchiligi haqida tushuncha va bilimlar yetarli emas, chunki bunday moliyalashtirish usullari hali keng tarqalmaganligi va tashviqot olib borilmaginini asosiy sabab qilib koʻrsatish mumkin.
— Qay tarzda islomiy bank tamoyillari aholi jamgʻarmalarini bank tizimiga jalb qilishga yordam berishi mumkin?
— Islomiy bankning mudoraba (investitsiya) depoziti sheriklar oʻrtasida foyda taqsimlanishi boʻlib, moliyaviy munosabatlarda ijtimoiy adolatga asoslangan hamkorlikning yaqqol namunasidir. Aynan shu tamoyilning oʻzi aholi jamgʻarmalarini islomiy banklarga, biron bir loyihaga pul qoʻyishi va bundan foyda olishi uchun turtki boʻlib xizmat qiladi, deb oʻylayman. Bundan tashqari, islomiy banklarning moliyalashtirish mexanizmlaridan kelib chiqib, shuni taʼkidlash kerakki, aholining moliyalashtirishga muhtoj qatlami ham mablagʻga ega boʻlib, undan foyda olishni koʻzlayotgan tomon ham birdek manfaatdordir.
— Taxminan bir yarim yil oldin, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining islomiy bankchilik tamoyillarini Oʻzbekistonda tatbiq etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi eʼlon qilindi. Ushbu hujjat qabul qilindimi?
— Haqiqatan ham, Oʻzbekiston Respublikasi normativ-xuquqiy hujjatlari loyihalarini muhokama qilish portalida ana shunday qaror loyihasi keng jamoatchilik eʼtiboriga havola qilindi. Mazkur qarorni ishlab chiqish yuzasidan bir qator mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan fikr va mulohazalar bildirildi, shu jumladan, Islom taraqqiyot banki vakillari tomonidan ham bir qator takliflar kiritildi. Jamoatchilik tomonidan bu fikr maʼqullandi va koʻp qiziqish oʻygʻotdi. Lekin afsuski, ushbu qaror amalda kuchga kirmadi va nomaʼlum sabablarga koʻra portaldan olib tashlandi.
— Kerakli qonunchilik va meʼyoriy hujjatlarni qabul qilish bilan bir qatorda, Oʻzbekistonda islom bankchiligining rivojlanishida yana qanday muammolar mavjud?
— Islom bankchiligini Oʻzbekistonda joriy qilinishining asosiy mezonlaridan biri bu Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, banklar va banklar faoliyati toʻgʻrisidagi qonunlarga, soliq va fuqarolik kodekslariga va boshqa qonun osti hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki alohida qonun qabul qilish orqali amalga oshirilishi mumkin. Bundan tashqari, Oʻzbekistonda bu sohada kadrlarni tayyorlash Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasida 2018-yilda boshlangan edi, lekin 2019-yilda bu yoʻnalish boʻyicha qabul amalga oshirilmadi. Bu oʻz-oʻzidan mazkur sohada kadrlar yetishmasligini keltirib chiqaradi, ayniqsa Shariat kengashlariga munosib nomzodlar juda kam yoki umuman yoʻq, desa ham boʻladi. Shuningdek, bu borada aholining savodxonligini oshirish ham muhim sanaladi, chunki islomiy moliyalashtirish boʻyicha yetarli bilimga ega boʻlmagan aholi, uni anʼanaviy moliyalashtirishdan farqini tushunib yetmasligi yoki notoʻgʻri talqin qilinishiga olib keladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring