Oʻzbekistonda ilk bor jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi

14:18 19 Avgust 2021 Jamiyat
1914 0

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari ortotopik jigar transplantatsiyasi operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirdi.

Bunga qadar oʻzbek-rus va oʻzbek-hind qoʻshma jarrohlari 8 ta ortotopik jigar transplantatsiyasini oʻtkazgan boʻlib, bu galgi operatsiya mamlakatimiz tibbiyoti tarixiga oʻzbek mutaxassislari tomonidan mustaqil amalga oshirilgan ilk jigar transplantatsiyasi sifatida muhrlandi.

10 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiyada Buxoro viloyatining Romitan tumanidan kelgan jigar sirrozi bilan xastalangan bemor — 38 yoshli Azima Roziqovaga 42 yoshli akasi Bekmurod Roziqovning jigaridan bir boʻlak koʻchirib oʻtkazildi. Hozirda bemorlarning ahvoli yaxshi, donor palataga olingan.

Oʻzbekistonda jigar transplantatsiyasi dasturini rivojlantirishning yangi bosqichi Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sunʼiy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazi oʻrtasida memorandum imzolanishi bilan boshlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер