Oʻzbekistonda ikkita klaster organik paxta yetishtirish boʻyicha xalqaro sertifikat oldi
Illyustrativ foto
Keyingi paytda jahon bozorida organik paxtadan tayyorlangan toʻqimachilik mahsulotlariga boʻlgan talab tobora ortib bormoqda. Shu bois dunyoning eng yirik xalqaro brendlari bosqichma-bosqich ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish tizimiga oʻtyapti. Xususan, “Adidas”, “H&M”, “Nike” brendlari 2025-yilgacha toʻliq organik paxta tolasi asosida mahsulot yetkazib berishni rejalashtirgan. Biroq bugungi kunda dunyoda yetishtirilgan paxtaning atigi 8 foizi organik hisoblanadi.
Jahonda organik paxtaga oʻsib borayotgan ehtiyoj Oʻzbekiston uchun qulay imkoniyatdir. Mamlakatimizda ushbu yangi bozorga kirish va uni oʻz mahsulotlari bilan toʻldirish maqsadida amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Darhaqiqat, 2021-yilda birinchilardan boʻlib Buxorodagi “BCT Cluster” va Toshkent viloyatidagi “TCT Cluster” klasterlarida organik paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu loyiha Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va “CONTROL UNION” xalqaro sertifikatlash tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Aytish joizki, organik paxta yetishtirishning masʼuliyati, oʻziga xos talablari bor. Chunki ekishda kimyoviy ishlov berilgan urugʻlik chigitdan, gʻoʻza parvarishi jarayonida kimyoviy va sintetik oʻgʻitlardan foydalanish, hasharot va kasalliklarga qarshi kurashda kimyoviy usullarni qoʻllash taqiqlanadi. Hamma jarayon tabiiy boʻlishi shart. Ana shu talablar asosida 2021-yilgi mavsumda “BCT Cluster” klasterda 105 gektar, “TCT Cluster” klasterda 200 gektar maydonda organik paxta yetishtirildi. Oʻrtacha hosildorlik Buxoroda 35 sentnerni, poytaxt viloyatida 31,2 sentnerni tashkil etdi.
— Mavsumni muntazam kuzatib borgan “CONTROL UNION” xalqaro sertifikatlash tashkiloti Oʻzbekistonda birinchi boʻlib “BCT Cluster” va “TCT Cluster” klasterlariga organik paxta yetishtirish boʻyicha xalqaro sertifikat berdi, — deydi Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, senator Murtazo Rahmatov. — Mazkur sertifikat klasterlar uchun xalqaro bozorlarda ustunliklar yaratib, tolani 50 foizgacha qimmatroq sotish va kimyoviy moddalarga ketadigan xarajatlarni tejash imkonini beradi. Ammo organik paxta tolasini sotish niyatimiz yoʻq. Masalan, sertifikatni qoʻlga kiritgan klasterlarda yetishtirilgan organki paxta tolasi ayni paytda “BCT Cluster”ning zamonaviy toʻqimachilik kombinatida chuqur qayta ishlanib, jinsi liboslari ishlab chiqarish jarayoni boshlandi. Ushbu ekologik toza mahsulotlarga hozirdanoq Yevropa davlatlaridan buyurtmalar tushayotgani quvonarlidir.
Tashqi bozor talabidan kelib chiqib, kelgusi 2022-yilda organik paxta maydonlarimiz kengaytirilib, “BCT Cluster”da 500 gektar, “TCT Cluster”da 1000 gektarda ekologik toza xom ashyo yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi tizimidagi klaster tomonidan organik paxta yetishtirish hajmi yil sayin ortib borayotganini alohida taʼkidlash zarur. Xususan, 2021-yilda “Textile Technologies Group” taʼsischiligidagi klaster tomonidan Chinoz tumanida 194 gektar, “Art Soft Holding” MCHJ tomonidan Mingbuloq tumanida 18 gektar, “Parvoz Humo Ravnaq Trans” klasteri tomonidan Olot tumanida 930 gektar maydonda organik paxta yetishtirildi.
Bularning bari Oʻzbekistonda ekologik toza mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarish borasida jadal ishlar olib borilayotgani samarasidir.
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring