Oʻzbekistonda hayvonot bogʻini boshqarishda Germaniya tajribasi joriy etiladi
Foto: “Xalq soʻzi”
30 yillik tajribaga ega taniqli nemis mutaxassisi Udo Nagel Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirining taklifiga binoan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.
Maʼlumot uchun, U. Nagel 1992-yildan 2022-yilga qadar Yevropadagi eng yaxshi hayvonot bogʻlaridan biri – “Rostok” hayvonot bogʻi direktori sifatida faoliyat yuritgan. “Rostok” uning rahbarligi davrida, yaʼni 2018-yilda oʻz toifasi boʻyicha Yevropaning eng yaxshi hayvonot bogʻi deb tan olingan (1 million kishigacha). Bundan tashqari, hayvonot bogʻi bir necha bor “Oilaviy dam olish uchun eng yaxshi joy” sifat belgisini olgan. “Rostok” hayvonot bogʻida dunyoning turli burchaklaridan 430 xil turdagi 4200 ta hayvonlar yashaydi.
Udo Nagel 2021-yil 20-sentabrda “Rostok” universitetining faxriy professori unvonini olgan.
12-iyul kuni U.Nagel va Ekologiya vazirligi vakillari oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi. Unda xalqaro ekspert faoliyati taqdimoti oʻtkazildi, shuningdek, Toshkent shahar hayvonot bogʻiga tashrifi yakunlari muhokama qilindi.
Tashrif doirasida, shuningdek, Fargʻona va Termiz shahar bogʻlari boshqaruv tizimi, xizmat koʻrsatish darajasi, infratuzilmasini oʻrganish, tavsiya va takliflar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qaroriga asosan Toshkent, Fargʻona va Termiz shaharlari hayvonot bogʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan.
Shuningdek, tashrif davomida Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jeyron” bolalar bogʻchasi, “Zarafshon” milliy bogʻi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Deer Hills” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham oʻrganiladi.
Udo Nagelning Oʻzbekistonga tashrifi 21-iyulgacha davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring