Oʻzbekistonda “Gruziya madaniyati kunlari” tadbirlari boʻlib oʻtdi

10:09 12 Mart 2026 Madaniyat
746 0

Maʼlumki Gruziya Oʻzbekistonning Kavkaz mintaqasidagi muhim va yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik barcha sohalarda, jumladan madaniyat va sanʼat yoʻnalishida ham izchil rivojlanib bormoqda. Buni hamkorlikda tashkil etilayotgan xalqaro tadbirlarda sanʼatkorlarimizning faol ishtirokida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Oʻzbekistonda oʻtkazib kelinayotgan “Lazgi” xalqaro raqs festivali, Baxshichilik sanʼati xalqaro festivali kabi yirik xalqaro madaniy tadbirlarda Gruziya sanʼatkorlari muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, teatrlar oʻrtasidagi hamkorlik ham rivojlanib bormoqda.

Xususan, 2024-yilning 9-12-iyul kunlari Gruziyaning Tbilisi shahrida “Oʻzbekiston madaniyati va kino kunlari” tadbirlari tashkil etilgan edi. Unda, oʻzbekistonlik sanʼatkorlar va raqqosalar ishtirokida gala-konsert dasturi va kinofilmlar namoyishi tashkil etilgan.

Ushbu hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida, Oʻzbekistonda joriy yilning 9-11-mart kunlari “Gruziya madaniyati kunlari” tadbirlari boʻlib oʻtdi. Ushbu kunlar doirasida 9-mart kuni Madaniyat vazirligida Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Gruziya madaniyat vaziri Tinatin Rukhadze oʻrtasida hamkorlik uchrashuvi oʻtkazildi. Uchrashuv davomida bir qator hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Bundan tashqari, shu kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Oʻzbekistonda “Gruziya madaniyati kunlari”ning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda, Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Gruziya madaniyat vaziri Tinatin Rukhadze xonim, Gruziyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari hamda gruzin sanʼati ixlosmandlari ishtirok etishdi.

“Gruziya madaniyati kunlari”ning rasmiy ochilish marosimiga bagʻishlangan gala-konsert dasturi “Madaniyatlar muloqoti: Oʻzbekiston va Gruziya — asrlar merosi va zamon nafasi” deya nomlandi.

Konsertda Oʻzbekistonning “Tumor” raqs ansambli hamda Gruziyaning “Erisioni” davlat akademik xalq ashula va raqs ansambli oʻz sanʼatlarini namoyish etdi.

Shuningdek, madaniyat kunlari davomida 10-11-mart kunlari poytaxtdagi Oʻzbekiston Milliy kino saroyida gruzin badiiy filmlar namoyishi boʻlib oʻtadi. Namoyishda gruzin kinolaridan: “Toʻy”, “Soyabon”, “Musiqachilar”, “Gʻalati odamlar” kabi turli janrdagi filmlar namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?