Oʻzbekistonda fitr sadaqa va fidya miqdori eʼlon qilindi
Illyustrativ surat
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼatining 2020-yilgi fitr sadaqa va fidya miqdori boʻyicha qarori qabul qilindi.
"Bismillahir rohmanir rohim
Maʼlumki, fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib boʻlgan sadaqa boʻlib, uni hozirgi sharoitdan kelib chiqib, Ramazon oyi davomida berish maqsadga muvofiqdir.
Fitr sadaqasi Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida bayon etilgan quyidagi toʻrt narsaning qiymati barobarida chiqariladi. Ular: bugʻdoydan yarim soʼ, arpadan bir soʼ, mayizdan yarim soʼ va xurmodan bir soʼdir. Bir soʼ taqriban 4 kilogrammga teng.
Bugungi kunda mazkur mahsulotlarning Toshkent shahar bozorlaridagi narxlari oʻrganilganda 1 kg. bugʻdoy oʻrtacha toʻrt ming soʻm, 1 kg. arpa oʻrtacha uch ming soʻm, 1 kg. mayiz oʻrtacha oʻttiz besh ming soʻm va 1 kg. xurmo oʻrtacha oʻttiz ming soʻm ekani maʼlum boʻldi.
Shunga koʻra, 2020-yil (1441 h.) uchun FITR sadaqasining miqdori:
≈ 2 kilogramm bugʻdoy 8 000 (sakkiz ming) soʻm;
≈ 4 kilogramm arpa 12 000 (oʻn ikki ming) soʻm;
≈ 2 kilogramm mayiz 70 000 (yetmish ming) soʻm;
≈ 4 kilogramm xurmo 120 000 (bir yuz yigirma ming) soʻm deb belgilansin.
Har kim oʻz imkoniyatiga qarab ushbu toʻrt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida boʻlib, uning oʻrtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) soʻm, deb belgilansin!
Eslatma: Mazkur fitr sadaqasining qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilandi. Har bir viloyat oʻz bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi", deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring