Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar yuqori baholandi

08:33 04 Aprel 2023 Siyosat
726 0

Joriy yilning 3-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorlik qoʻmitasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi munosabatlarni, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya, moliya va huquq sohalaridagi, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A.Saidov mehmonlarga Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati, qoʻmitalar, komissiyalar va deputatlarning asosiy vazifalari, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi munosabatlarining soʻnggi yillarida ikki tomonlama hamkorlik sezilarli darajada faollashdi va keng qamrovli tus oldi. Tomonlar barcha darajalarda, shu jumladan oliy darajada, aloqalarni amalga oshirib kelmoqda. 2022-yilda Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi ikki tomonlama va mintaqalararo munosabatlarda yangi sahifa ochildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va YEI oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni (KSHHB) ishlab chiqish boʻyicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. 2019-yil fevraldan boshlab olib borilgan faol muzokaralar natijasida KSHHB loyihasi 2022-yil 6-iyulda parafirlanishi Oʻzbekiston — YEI munosabatlarida muhim qadam boʻldi.

Mazkur bitim ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarini qamrab olib, ushbu muhim hujjatning imzolanishi va kuchga kirishi Oʻzbekiston — YEI aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar, joriy yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy tadbir – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha umumxalq referendumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham soʻzlab berildi.

Qayd etilganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtiradi. Unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olindi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib, shuningdek, inson va davlat organlari oʻrtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilanmoqda.

Yangi Konstitutsiyada Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga yetkazilib, Senatning mutlaq vakolatlari soni esa 14 tadan 18 tagacha oshishi kutilmoqda.

Yevropa parlamenti aʼzolari Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatiga toʻxtalar ekan, Asosiy qonunda inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshayotgani, ayniqsa, insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilayotganini yuqori baholadi.

Oʻz navbatida, soʻnggi olti yilda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi qiyofasi tubdan oʻzgargani, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar va demokratik islohotlarning namunasi sifatida namoyon boʻlayotganini bildirdi.

Muloqot davomida shuningdek, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlik holati va istiqbollari borasida ham fikr almashildi.

Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер