Oʻzbekistonda 193 mingdan ziyod ayolga 3,9 trillion soʻm kredit ajratildi

17:35 12 May 2023 Siyosat
753 0

2023-yilning 11-may kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan farmon va qarorlarida, shuningdek, 2022–2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturda belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Majlisni Komissiya raisi, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Senat Raisi mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrilayotganiga eʼtibor qaratdi.

Xususan, 2022-yilda ushbu yoʻnalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 27 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Qonun qabul qilindi. Qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan amalga oshirilgan turli tazyiq va zoʻravonliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Majlisda mazkur Qonun birinchi navbatda keng jamoatchilik va xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olingani va toʻliq qoʻllab-quvvatlangani taʼkidlandi.

Shuningdek, Xotin-qizlarning davlat organlarida faolligini oshirish dasturi, BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va Milliy Rejasi tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.

2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2023-yilda amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va ijroga qaratildi.

Xotin-qizlarning taʼlim olishlari asosiy ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilandi va maxsus tavsiyanoma asosida ehtiyojmand xotin-qizlarning 1 982 nafari, besh yil mehnat stajiga ega, ammo oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlarning 507 nafari oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida talabalikka qabul qilindi.

Shuningdek, magistratura bosqichda taʼlim olayotgan 12 300 nafar, bakalavr yoʻnalishida oʻqiyotgan kam taʼminlangan ehtiyojmand 2053 nafar xotin-qizning kontrakt toʻlovlari toʻlab berildi, 139 mingdan ortiq talaba xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz taʼlim krediti ajratildi.

Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik faoliyatiga oʻqitish ishlariga alohida eʼtibor qaratilib, 252 mingdan ziyod ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi, 623 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi taʼminlandi, 193 mingdan ziyod ayollarga 3,9 trln soʻm kredit ajratildi.

3 mln 336 mingdan ziyod xotin-qizlar birlamchi onkoskrining tekshiruvidan, 1 mln 13 mingga yaqin nuroniy onaxonlar esa chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatildi.

Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 645 mingga yaqin xotin-qizlar bilan individual dastur asosida ishlandi va muammolarini hal etish choralari koʻrildi, 12,9 mingga yaqin xotin-qizlarning uy-joy sharoitlari yaxshilandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj 6 876 nafar xotin-qiz jami 7,3 mlrd soʻmlik reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi.

Boshqa davlatlarga chiqib ketgan 121,7 ming xotin-qiz va ularning 25,9 ming voyaga yetmagan farzandlarining aniq manzilli roʻyxatlari shakllantirildi. 6 096 bolaga vasiylik va homiylik oʻrnatildi, 11683 bola nazoratsiz qolishining oldini olish choralari koʻrildi.

Majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlar ham muhokama qilindi.

Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat kengashlarini tuzish, ularning mutaxassislarini oʻqitish, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish, bandligini taʼminlash, mehnat joylarida ayollar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, hududlarning oʻsish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер