“Oʻzbekiston yoshlari forumi — 2021” haftaligi davom etmoqda
Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida 2021-yil 18-dekabr kuni “Oʻzbekiston yoshlari forumi – 2021” haftaligining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ochilish marosimida forumga bagʻishlangan matbuot anjumani ham tashkil etildi. Anjumanda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev “Oʻzbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasidagi loyihalar, forumning ahamiyati haqidagi taqdimotini namoyish qildi.
Shu bilan birga, ilk bor yoshlarning takliflarini oʻrganish va ularga koʻmak berish maqsadida ishga tushirilgan “yoshlarforumi.uz” platformasining statistikasi maʼlum qilindi. Hozirga qadar platformaga yoshlarning “Fan va taʼlim” yoʻnalishida – 1 ming 291 ta, “Besh muhim tashabbus” – 347 ta, “Yoshlar bandligi va ijtimoiy himoyasi” – 429 ta, “Yoshlar huquqlari va global muammolar” boʻyicha 757 ta, jami 7 ming 600 ga yaqin taklif kelib tushgan.
Forum doirasidagi loyihalar faqat yurtimizda emas, eng koʻp oʻzbekistonlik yoshlar istiqomat qilayotgan davlatlar — Janubiy Koreya, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va Rossiya Federatsiyasida ham tashkil etildi. Mazkur davlatlardagi Oʻzbekistonning elchixonalari koʻmagida 1200 nafardan ortiq yoshlarni qamrab olgan turli uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Haftalikda “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” tanlovining respublika bosqichi ham boʻlib oʻtdi. Tanlovda namoyish etilgan 245 ta taqdimotdan eng yaxshi deb topilgan 100 tasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Tanlov gʻoliblariga oʻz loyihalarini aholi turmush tarziga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilishi aytildi.
Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring