Oʻzbekiston Yaponiya kompaniyalarini yangi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qildi
Poytaxtimizda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev hamda Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo boʻyicha ROTOBO assotsiatsiyasi prezidenti Masami Iijima boshchiligida “davlat va biznes” formatida davra suhbati tashkil etildi.
Mamlakatimizdagi vazirlik va idoralar hamda ROTOBO assotsiatsiyasiga aʻzo yirik kompaniyalar rahbarlarini bir joyga jamlagan ushbu tadbirda Qishloq xoʻjaligi vazirligi nomidan vazir oʻrinbosarlari Alisher Shukurov va Qahramon Yuldashevlar ishtirok etishdi.
Davra suhbatida joriy qoʻshma loyihalar va Oʻzbekiston-Yaponiya savdo-investitsiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinar ekan, mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida imtiyoz va preferensiyalar amal qilayotgani taʻkidlandi. Jumladan, kichik biznes sohasida ikki yuzdan ortiq turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, soliqlarning umumiy soni qisqartirildi, ayrimlarining stavkalari ikki baravarga pasaytirildi. Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda yapon tadbirkorlari duch kelayotgan muammolar ham koʻtarilib, ularni hal etish mexanizmlari muhokama qilindi.
Ishtirokchilar ustuvor tarmoqlarda hamkorlikning yangi yoʻnalishlari taqdimotiga alohida eʻtibor qaratdilar.
“Maʻlumki, Yaponiya dunyoda birinchilardan boʻlib 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. U “yashil energiya” sohasida yetakchi oʻrinni egallab kelmoqda. Gidroelektr stansiyalar va issiqlik elektr stansiyalariga muqobil qurilma yaratish kelajakda energiya taqchilligining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlardan biridir. 2026-yilgacha Oʻzbekistonda 5 GVt quyosh energiyasi va 3 GVt shamol energiyasini oʻz ichiga olgan qoʻshimcha energiya quvvatlarini yaratish rejalashtirilmoqda. Yaponiya kompaniyalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyosh va shamol elektr stansiyalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish boʻyicha tenderlarda ishtirok etishga taklif qilamiz”, - deya taʻkidlab oʻtdi Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev davra suhbati ishtirokchilariga murojaatida.
Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligining boshqa muhim yoʻnalishlari qatorida togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi kabi sohalar ham belgilab oʻtildi.
IT va innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio va nanotexnologiyalarini transfer qilishga, shuningdek, Yaponiya innovatsiyalari va ilmiy ishlanmalarini Oʻzbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uygʻunlashtirishga qiziqish bildirildi.
Oʻzbekistonning tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari alohida maʻruza va takliflar bilan chiqishdi. Ular bilan birga Yaponiyaning “ITOCHU Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsui& Co., Ltd” kompaniyalari rahbarlariga soʻz berildi. Yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish choralarini koʻrishga oʻzaro tayyorlik fikri bildirildi.
Oʻzbekiston tomoni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) orqali moliyaviy va texnik yordam koʻrsatilayotganini qayd etgan holda, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga tashrifi doʻstona aloqalarni chuqurlashtirish va faollashtirish yoʻlida muhim turtki boʻlganini alohida taʻkidladi.
Tadbir yakunlari boʻyicha tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish boʻyicha keyingi chora-tadbirlar toʻgʻrisida kelishib oldilar. Ishtirokchilar mazkur tadbir Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi oʻsish nuqtalarini shakllantirishga hamda oʻzaro hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring