Oʻzbekiston va Turkiya oʻrmon xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda

20:53 03 Noyabr 2022 Iqtisodiyot
1183 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Respublikasining oʻrmon fondi yerlari 12 mln. gektardan ziyod maydonni egallaydi. Oʻrmonlarning koʻp qismi baland togʻlar yon bagʻirlarida va vodiy hududlarida joylashgan. Mamlakatda daraxtzorlarning qariyb 70 turi, butalarning 320 turi va yarim butali oʻsimliklarning 130 dan ortiq turi mavjud boʻlib, 320 dan ortiq noyob va yoʻqolib borayotgan oʻsimlik turlari Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) mutaxassislarining fikriga koʻra, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun samarali, xilma-xil va sogʻlom oʻrmonlarni saqlash juda muhimdir. Bunda hamkorlikni rivojlantirish va ilgʻor xorijiy tajribani oʻzlashtirish muhim oʻrin tutadi. Turkiyaning oʻrmonchilik sohasidagi tajribasi bilan tanishish va oʻrmonlarning bioxilma-xilligini saqlash hamda ularni qayta tiklash boʻyicha hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2022-yil oktyabr oyi oxirida FAO mutaxassislari, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaga safar qildi. Tashrif Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida Global Ekologik Jamgʻarmasi moliyaviy koʻmagida amalga oshirilayotgan FAOning Oʻzbekistondagi ikkita loyihasi — “Oʻzbekiston togʻ va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” milliy loyihasi va “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” (CACILM-2) mintaqaviy loyihasi  koʻmagida tashkil etildi.

Anqarada delegatsiya aʼzolari FAOning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsu bilan uchrashdilar. Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi Nizomiddin Bakirov FAO tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligini yuqori baholadi va hamkorlikni kengaytirish boʻyicha taklif bilan chiqdi. Xususan, tomonlar oʻrmon xoʻjaligi va bioxilma-xillikni saqlash sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, shuningdek, Global Ekologik Jamgʻarma resurslarini jalb qilgan holda Orol dengizi landshaftlarini tiklash boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqish va keyinchalik amalga oshirish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oldilar. Bundan tashqari, FAOning Oʻzbekistondagi yangi tashabbusi - “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil ekotizimlarida oʻrmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” loyihasi yer va oʻrmon resurslarini barqaror boshqarish va yerlar degradatsiyasining neytral muvozanatini saqlash uchun landshaftlar tiklanishiga salmoqli hissa qoʻshishiga umid bildirildi.

Soʻngra Oʻzbekiston delegatsiyasi III Oʻzbekiston-Turkiya oʻrmon xoʻjaligi qoʻshma konferensiyasida ishtirok etdi. Turkiya tomonidan Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Veysal Tiryaki boshchiligida tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etdi. Oʻrmon yongʻinlariga qarshi kurashish, yongʻoq plantatsiyalarini yaratish, togʻ oʻrmonlarini barpo etish, suv omborlari atrofida oʻrmon plantatsiyalarini yaratish, oʻrmon bioxilma-xilligini saqlash, shuningdek, oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha yuqoridagi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 2 million dollarlik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Turkiya Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning degradatsiya va eroziyaga uchragan oʻrmonlarida togʻ terrasalarini yaratishni qoʻllab-quvvatlash uchun umumiy qiymati 300 ming dollar boʻlgan 2 ta mini-ekskavator berildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaga tashrifi davomida Elazig hududida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida togʻ oʻrmonlarini yaratishning oʻziga xos jihatlari bilan ham tanishishdi. Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari koʻchatxonalarda koʻchat yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllash, daraxtlar urugʻlarini yetishtirish, qayta ishlash va saqlash usullariga alohida eʼtibor qaratdi. Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari Kastamonu viloyati oʻrmonlariga tashrif buyurib, 60 metr balandlikda 3 km uzunlikdagi ekologik soʻqmoq joylashgan Horma kanyonida yaratilgan turistik infratuzilma imkoniyatlarini baholadi. Betakror tabiat manzarasi nafaqat mahalliy, balki xorijlik sayyohlarni ham oʻziga tortadi.

Oʻrganilgan tajriba va yangi texnologiya hamda koʻnikmalarni keyinchalik qoʻllash Oʻzbekiston hududlarida oʻrmonlarni qayta tiklash, oʻrmonzorlarni koʻpaytirish, turizmni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер