Oʻzbekiston va Turkiya harbiylari Termizda tajriba almashishmoqda
Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Janubiy operativ qoʻmondonligi Termiz dala-oʻquv maydonida Oʻzbekiston va Turkiya Respublikalari Mudofaa vazirlarining ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga asosan mazkur mamlakatlar Qurolli Kuchlarining maxsus boʻlinmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquvining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlikning Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Kecha tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi polkovnik Lazizjon Usmonov, Janubiy operativ qoʻmondonligi boshligʻi polkovnik Poʻlatjon Sativaldiyev va Turkiya Respublikasi maxsus operatsiya kuchlari brigadasi komandirining oʻrinbosari polkovnik Rushtu Toʻredi va ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarini sifatli va yuqori saviyada oʻtkazish lozimligini taʼkidlab oʻtishdi hamda ishtirokchilarga omad tilashdi. Shundan soʻng, saf maydonida Termiz garnizoni harbiy orkestri sadolari ostida ikki davlat harbiy xizmatchilari saf tortib oʻtishdi.
Dala-oʻquv maydonida davom etgan oʻquvlarda harbiy xizmatchilar tajriba almashish uchun 15 kilometr majmuaviy maxsus taktik yoʻlagidan oʻtish, jangovar ikkilik, uchlik va toʻrtlik tarkibida yaqin jang elementlari boʻyicha koʻrgazmali amaliy maxsus oʻq otish va qiyin sharoitlarda yashovchanlik holatlari boʻyicha amaliy mashgʻulotlarga jalb etildi.
Shuningdek, poligonda ishtirokchilar maxsus-taktik oʻquvi savollari boʻyicha mashgʻulotlar olib borishdi hamda oʻzbek va turk harbiylari oʻrtasida sport musobaqalari oʻtkazildi.
Hamkorlikdagi maxsus-taktik oʻquv mashgʻulotlari 27-mart kuniga qadar davom etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring