Oʻzbekiston va Turkiya yetakchilari koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar
31-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik hamda ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi samarali aloqalar izchil rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Sanoat kooperatsiyasi boʻyicha, shu jumladan energetika, togʻ-kon, oziq-ovqat, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlarda yangi loyihalarni ilgari surish muhimligi taʼkidlandi.
Boʻlajak qoʻshma tadbirlar rejasi, xususan, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring