Oʻzbekiston va SHHT: mushtarak maqsadlar yoʻlidagi hamkorlik
Prezidentimiz shu yil 10-noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videokonferensiya koʻrinishida oʻtgan navbatdagi majlisidagi nutqini televideniye orqali koʻrdim, eshitdim. Matbuotda ham oʻqidim.
Sammitda savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishiga olib kelgan pandemiya rivojlanishimiz surʼatlariga juda salbiy taʼsir koʻrsatayotgani, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashayotgani, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar kuchayib borayotgani, bularni esa yaxshi qoʻshnichilik yoʻli bilangina yengib oʻtish mumkinligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ayni kunda SHHT oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini bildirib, mintaqa va jahon hamjamiyati oldida turgan eng muhim muammolarga eʼtibor qaratdi. Xususan, iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida eʼtiborni talab qilayotganini aytdi.
Haqiqatdan ham, hozirgi murakkab sharoitda savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish eng muhim vazifalardan sanaladi. Bunga faqat oʻzaro savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qoʻshma dasturlarni amalga oshirish orqaligina erishish mumkin.
Bu borada pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga yangi, shu jumladan “nostandart” yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha SHHT rejasining asosi boʻlishi lozimligi aytib oʻtildi.
Mamlakatlarimizda aholi sogʻligʻiga xavf tugʻdirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish koʻlamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega. Bugun insoniyat avval maʼlum boʻlmagan infeksiyalar bilan toʻqnash kelmoqda.
Nutqda Prezidentimiz oʻta muhim va dolzarb tashabbuslar bilan birga, SHHTning xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorligini yana-da faollashtirish, yuqumli kasalliklar boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratish, teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ham ilgari surdi.
Aytish mumkinki, hozirgi kunda koronavirus infeksiyasining global darajada tarqalishi nafaqat insonlarning sogʻligʻiga xavf solmoqda, balki iqtisodiy-ijtimoiy va hatto siyosiy inqirozlarning kelib chiqishiga ham sabab boʻlmoqda. Shunday ogʻir sharoitda mavjud epidemiologik vaziyatni jilovlash hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflarning oldini olish uchun bunday tashabbuslar va ularni amalga oshirish juda muhimdir.
Hammamizga yaxshi maʼlum, pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy oʻsish “drayveri”ga aylanib bormoqda. Sammitda oʻzaro kelishilgan oʻquv dasturlari asosida aholini oʻqitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish taklif etilgani muhim tarixiy voqelik boʻldi.
Binobarin, bugungi tezkor zamonda jahon boʻylab globallashuv jarayonlari tobora chuqurlashib borayotgan sharoitda raqamli iqtisodiyot ilgʻor davlatlar iqtisodiyotining barcha tarmogʻida keng joriy etilmoqda. Hattoki, ayrim mamlakatlar ushbu sohaning eng yuqori choʻqqisi hisoblangan sunʼiy intellektdan faol foydalanishga oʻtganiga guvoh boʻlyapmiz.
Hozirgi ogʻir sharoitda aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish — eng dolzarb masalalardan biri boʻlib turibdi. Bu borada birgalikdagi saʼy-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirishga yoʻnaltirish har qachongidan ham muhimroq.
Prezidentimiz bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun masʼul vazirlik va idoralar rahbarlarining yigʻilishlarini oʻtkazish mexanizmini yaratish zarurligini bildirdi. Ayniqsa, SHHTga aʼzo davlatlarning ushbu yoʻnalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, uni amalga oshirish boʻyicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun Oʻzbekistonda xalqaro forum oʻtkazishni ilgari surgani mamlakatimizda aholi farovonligini taʼminlashda davlat siyosati darajasida katta eʼtibor qaratilayotganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlar va kelajakda roʻyobga chiqarilishi rejalashtirilgan tashabbuslar xalqaro miqyosda Oʻzbekistonning mavqeini yana-da yuqori choʻqqilarga olib chiqishda muhim qadam boʻladi. Sammit yakunida imzolangan hujjatlar toʻplami esa oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring