Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro hamkorlikda yangi transport-tranzit koridorlarini rivojlantiradi
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi
Joriy yilning 25-yanvar kuni Rossiya-Oʻzbekiston hukumatlararo savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha komissiyasining 23-yigʻilishida qabul qilingan kelishuvlar ijrosi doirasida Oʻzbekiston Transport vazirligida ishchi guruh uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Oʻzbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazining masʼul xodimlari, shuningdek, Rossiya transport vazirligi “Xalqaro transport koridorlar direksiyasi” avtonom notijorat tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda xalqaro yuk tashishlar, jumladan, tranzit tashish hajmini oshirish, shuningdek, yuklarni tashishning tashqi savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi orqali oʻtuvchi yangi logistika transport yoʻlaklarini shakllantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar Rossiya Federatsiyasini Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo bilan bogʻlovchi “Rossiya-Qozogʻiston-Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston” muqobil multimodal transport-tranzit yoʻlagi istiqboli yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv ishtirokchilari 2023-yilda yangi transport-tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni takomillashtirish va kengaytirishning keyingi bosqichlarini belgilab oldilar.
Shu maqsadda “Xalqaro transport koridorlar direksiyasi” ANT va Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini oʻrganish markazi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring