Oʻzbekiston va Qatar yetakchilari ikki tomonlama sheriklikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga kelishib oldilar

17:13 02 Oktyabr 2023 Siyosat
741 0

2-oktyabr kuni Dohadagi “Amiri Devon” majmuasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Qatar Amirini tashrif bilan kelish taklifi hamda Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Qatar Amiri joriy yil iyun oyida Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrif mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi bosqichni boshlagani taʼkidlandi. Oʻzbekiston bilan Qatar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada yuqori, strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qatʼiy intilish bildirildi.

Turli darajalarda muloqotlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmi oshmoqda, ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyildi. Qatarning yirik kompaniyalari bilan qoʻshma loyihalar boshlandi.

Tashrif arafasida Dohada Oʻzbekiston elchixonasi ochildi, uning faoliyati samarali sheriklikni faol rivojlantirishga kuchli surʼat bagʻishlaydi.

Qatarda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining maqsad va vazifalariga hamohang boʻlgan “Nigoh 2030” davlat dasturiga yuqori baho berildi.

Tomonlar savdo koʻrsatkichlarini karrasiga oshirish, anʼanaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, turizm, moliya va boshqa sohalarda qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish uchun 2024-yil yanvar oyida Dohada qoʻshma Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishlari va biznes forumini oʻtkazish taklif qilindi.

Madaniyat, taʼlim va turizm sohalaridagi almashinuvni kengaytirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash lozimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Qatarning ilmiy va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish, biotexnologiyalar va sunʼiy intellekt, “yashil” energetika borasida qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi. Dohada Oʻzbekiston madaniyati va turizm haftaligini oʻtkazishga kelishib olindi.

Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amaliy ilgari surish masalalarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.

Tomonlar Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash uchun afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatishni davom ettirish muhimligi haqida yakdil fikr bildirdilar.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari bir qator qoʻshma “yoʻl xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali roʻyobga chiqarish mexanizmlarini yaratish topshirigʻini berdilar.

Muzokaralardan soʻng ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlarning salmoqli toʻplami imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер