Oʻzbekiston va Ozarbayjon: hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi
Joriy yilning 20-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Boku shahrida Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekiston-Ozarbayjon hamkorligida ijobiy dinamika kuzatilayotgani taʼkidlandi. Buning imkoni ikki davlat rahbarlarining ishonchli munosabatlari va doimiy muloqoti tufayli yuzaga keldi. Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan ikki davlatning I hududlararo forumining natijadorligi va turli yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga katta turtki bergani taʼkidlandi.
Tomonlar investitsiyalar sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga eʼtibor qaratdilar. Tashkil etilayotgan Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiya jamgʻarmasi bu jarayonda alohida oʻrin tutishi kutilayotgani alohida qayd etildi.
Ozarbayjonda Oʻzbekiston tajribasi asosida toʻliq ishlab chiqarish siklidagi paxta-toʻqimachilik klasterlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, ipakchilik va mashinasozlik yoʻnalishlarida ilgari kelishilgan loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni koʻrib chiqildi.
Oʻzaro savdo masalalariga kelganda, uning hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirildi. Bundan tashqari, tomonlar sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, kichik va oʻrta biznes, transport, tranzit va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi va ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida faol hamkorlik qilish formati ishlab chiqildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring