Oʻzbekiston va Misr yetakchilari erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlash muhimligini taʼkidladilar

17:24 28 Iyun 2023 Siyosat
1028 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 28-iyun kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda butun musulmon ummati uchun muqaddas Qurbon hayiti bilan bir-birini samimiy qutladilar. Oʻzbekiston va Misrning doʻst xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirildi.

Joriy yilning fevral oyida Qohiraga oliy darajadagi rasmiy tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muntazam va samarali muloqotlar tufayli Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlik munosabatlari aniq mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.

Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qoʻshma investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasi dasturlarini ilgari surish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrish masalalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston va Misr yetakchilari madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faollashtirish muhimligini ham taʼkidladilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер