Oʻzbekiston va Fransiya investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda

15:04 25 Mart 2023 Iqtisodiyot
649 0

Joriy yilning 23-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Fransiya Tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik va chet eldagi fuqarolar ishlari boʻyicha delegat vaziri Oliver Besht oʻrtasida videokonferensiya tarzida kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifining ahamiyati hamda u ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirishga kuchli turtki boʻlganligi qayd etildi. Energetika, suv taʼminoti, turizm, transport va logistika sohalarida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorlik taʼkidlandi.

Tomonlar Fransiyaning EDF, Total Energies va Voltalia kompaniyalari bilan birgalikda elektr stansiyalarini qurish loyihalari texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini konstruktiv tarzda koʻrib chiqdilar.

“Orano Mining” kompaniyasi bilan konchilik sanoatida foydali qazilmalarni ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini oshirish, shuningdek, Eiffage va Suez kompaniyalari tomonidan Yakkabogʻ-Qarshi magistral suv quvuri qurilishi loyihasi boʻyicha ishlarni boshlashni jadallashtirish, Toshkentda suv taʼminoti loyihalarini amalga oshirishda erishilayotgan sezilarli muvaffaqiyatlar qayd etildi.

Alstom va ATR kompaniyalari bilan transport sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi.

Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlash va kengaytirishning drayveri hisoblanayotgan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar joriy yilning aprel oyida MEDEF International Fransiya tadbirkorlari harakati aʼzolarining qoʻshma biznes-forumda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishiga va may oyida Toshkentda Oʻzbekiston-Fransiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy oʻzaro sodiqlik bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер