Oʻzbekiston va BAA koʻp qirrali hamkorlik koʻlamini kengaytirmoqda
Joriy yilning 4-aprel kuni mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan BAA Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish boʻyicha joriy etilayotgan loyihalar doirasidagi navbatdagi vazifalar muhokama qilindi.
Oʻtgan yilda koʻrsatkichlari ikki barobarga oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining oʻsishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Bunday ijobiy dinamikani saqlab qolish boʻyicha amalga oshirilgan vazifalar qatorida ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni bir necha baravar koʻpaygani – haftasiga 44 ta reysga yetkazilgani qayd etildi. Oʻzaro yetkazib berilayotgan tovarlar turlarini yanada kengaytirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan tomonlar Oʻzbekiston eksport salohiyatini rivojlantirish Strategiyasini tayyorlash doirasida hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda mamlakatimiz hududlari infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat salohiyatini oshirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi. BAA tomoni iqtisodiyotdagi davlat ulushini qisqartirish boʻyicha islohotlarning yangi bosqichini yuqori baholadi hamda ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va kommunal soha tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan shahar va tumanlar bosh rejalarini ishlab chiqishda hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish masalalari alohida muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar sunʼiy intellekt sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Kengash tuzish zarurligi haqida yakdil fikrga keldilar.
Muzokaralar yakunlariga koʻra, tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat masʼul organlari oʻrtasidagi faol hamkorlikni chuqurlashtirish muhimligini taʼkidladilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring