Oʻzbekiston va AQSH tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari matbuot anjumani oʻtkazdi
“Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekiston va AQSH delegatsiyalari oʻrtasidagi boʻlib oʻtgan muzokaralardan soʻng tashkil etilgan matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.Komilov va AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo uchrashuv natijalari yuzasidan maʼlumot berdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Muloqot chogʻida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Uchrashuvda Oʻzbekiston – Amerika hamkorligi yuqori surʼatlarda rivojlanib borayotgani, u tizimli va doimiylik kasb etgani qayd etildi”, – dedi Abdulaziz Komilov.
Tashqi ishlar vaziri hamkorlik ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chogʻida erishilgan kelishuvlar asosida va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning Amerika Qoʻshma Shtatlari tomonidan eʼtirof etilishi natijasida rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, muzokaralarda asosiy eʼtibor Vashington shahrida 2018-yil may oyida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi Oʻzbekiston – AQSH sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosiga qaratildi. Tomonlar yangi ruhda davom etayotgan strategik hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, taʼlim, innovatsiya, zamonaviy texnologiyalar va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni davom ettirishga kelishib oldi.
“AQSH mamlakatimizda soʻnggi yillarda diniy erkinlikni taʼminlash, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va soʻz erkinligini taʼminlashda erishilayotgan ijobiy natijalarni yana bir bor eʼtirof etdi. Biz kun tartibida turgan va hal etilishi kerak boʻlgan boshqa masalalar boʻyicha muloqotni davom ettiramiz”, – dedi A.Komilov.
Shuningdek, mintaqaviy intilishlarda Oʻzbekiston va AQSH tutumi yaqin ekani, tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikka mustahkamlashda hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi. “S5+1” shaklidagi muzokaralar bu maqsaddagi koʻp tomonlama intilishlarni samarali roʻyobga chiqarishning diplomatik mexanizmi ekani bildirildi.
Oʻzbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish, Afgʻonistonda tinchlikka erishish, ushbu davlatda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash maqsadida Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning savdo-iqtisodiy jarayonlariga jalb qilish va tranzit-kommunikatsiya tizimlariga integratsiyalashuviga koʻmaklashish kabi dolzarb vazifalar yuzasidan ham fikr almashilganini taʼkidladi.
AQSH Davlat kotibi oʻz chiqishida Prezident Shavkat Mirziyoyevning oliy darajadagi tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgani, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda fuqarolik jamiyatini isloh qilish, majburiy mehnatga barham berish, soʻz va diniy erkinlik sohalarida ijobiy natijalarga erishilganini qayd etdi va buni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
“Bugungi muloqot yakuni boʻyicha aytishim mumkinki, hamkorligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi. Istagimiz Oʻzbekistondagi islohotlar jarayoniga Amerika biznesi vakillari ham munosib hissasini qoʻshsin, yangi ish oʻrinlari yaratilsin. Biz Oʻzbekistonda moliya va soliq tizimida davom etayotgan islohotlarga texnik yordam koʻrsatishga tayyormiz. Uchrashuvda xavfsizlik masalalari ham muhokama qilindi. Bu oʻrinda Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha saʼy-harakatlarini olqishlaymiz”, — deya qayd etdi Maykl Pompeo.
Shuningdek, AQSH Davlat kotibi AQSH Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun bir million dollar miqdorida moliyaviy yordam koʻrsatishini maʼlum qildi.
Davlat kotibi AQSH Prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining mintaqa boʻyicha saʼy-harakatlariga ham toʻxtaldi. Uning bildirishicha, AQSH Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda. “Ayni paytda Toshkentda oʻtadigan “Markaziy Osiyo – AQSH” shaklidagi vazirlar uchrashuvini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz. Hamkorlikning ushbu shakli terrorizmga qarshi kurashish, mintaqaviy, energetik muammolarni hal qilish imkonini beradi”, — dedi u.
Anjumanda jurnalistlar Afgʻoniston boʻyicha ikki mamlakat intilishlari yuzasidan savollar bilan murojaat qildi.
Abdulaziz Komilov Afgʻonistondagi xavfsizlikni taʼminlash masalasiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekiston AQSHning Afgʻoniston siyosatiga yuqori baho berishini taʼkidladi.
“AQSHning Afgʻonistonda mavjudligi mintaqada tinchlikni taʼminlash, terrorizm va narkotrafik xavfini kamaytirish imkonini bermoqda”, — dedi u. “Biz toliblar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Zero, ular ham afgʻon jamiyatining ajralmas qismidir. Afgʻonistondagi urush 40 yildan buyon davom etmoqda va bu mojaroga birgina hujjat imzolash bilan barham berib boʻlmaydi. Tinchlikka erishish jarayoni uzoq davom etishi mumkin”, — dedi A.Komilov.
Oʻz navbatida, Maykl Pompeo Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslarini alohida qayd etdi.
“Oʻzbekiston qoʻshni mamlakat sifatida Afgʻonistonda tinchlikka erishish boʻyicha izchil saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Biz buni yuqori baholaymiz”, — dedi u.
Bugun kunning ikkinchi yarmida “Markaziy Osiyo – AQSH” (“C5+1”) shaklidagi vazirlar uchrashuvini oʻtkazish rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring