Oʻzbekiston — Turkiya: Qardosh xalqlarning mushtarak maqsadlari
Haqiqiy doʻstlar qoʻl bilan koʻz kabidirlar, deya lutf etgandi Mavlono Jaloliddin Rumiy. Buning boisi esa shu: qoʻl ogʻriganda koʻz yigʻlaydi, koʻz yigʻlaganida qoʻl artar... Asrlar sinovidan oʻtgan bu hikmat azal-azaldan qardoshu birodar boʻlib yashagan, ildizi bir, tomirlari tutash, tiliyu dini mushtarak oʻzbek va turk xalqlarining bugungi doʻstona munosabatlariga naqadar mos qiyos!
“Assalomu alaykum”, “Xush kelibsiz”, “Marhamat”, “Tanishganimizdan xursandmiz”, “Ziyoratingiz qabul boʻlsin”, “Qoʻlingiz dard koʻrmasin”, “Sogʻ boʻling”, “Tashakkur”, “Koʻrishguncha”... Bunday oʻzbekona lutfu iboralar turk tili lugʻatida kammi? Ammo bizni qiziqtirgan jihat boshqa: ayni damda hayot tarzimiz, madaniyatimiz, maʼnaviyatimizda qanchalik oʻxshashliklar bor? Mehmondoʻstlik, bagʻrikenglik bobidagi qadriyatlarimiz qay darajada bir-birini takrorlaydi? Keyingi yillarda ikki davlat munosabatlaridagi yaqinlik qanday amaliy natijalar berayotir? Hamkorligimizning yorqin istiqbollari nimalarda namoyon boʻlyapti?
Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasining taklifiga binoan, ushbu mamlakatning yurtimizdagi elchixonasi koʻmagida Anqara va Istanbul shaharlariga uyushtirgan ijodiy safarimiz davomida ana shu savollarga javob topishga harakat qildik.
Targʻibotning zoʻr usuli
Toshkentdan Anqaragacha zamonaviy havo laynerida 6 yarim soatlik masofa. Ammo “Turkish Airlines” aviakompaniyasining ilgʻor xizmatlari va xushmuomala xodimlari sharofati bilan vaqt shiddati tezlashgandek tuyuladi. Qardoshlarimizning bu sohadagi zukkoligiga ham qoyil qolmay iloj yoʻq. Samolyotning har bir oʻrindigʻi ort qismiga oʻrnatilgan monitorlar orqali hali safar avvalidayoq borayotgan manzilingiz haqida maʼlum tasavvurga ega boʻlasiz. Besh-oʻn daqiqalik maxsus videoroliklar Turkiya davlatining turizm sohasidagi yuksak salohiyatini koʻz-koʻz etadi. Ushbu oʻlkaning diqqatga sazovor joylari, ziyoratgoh manzillari, madaniyati bilan yoʻlovchilarni tanishtiradi. Qolaversa, ayni shu bejirim ekranlar yordamida mamlakatdagi eng soʻnggi yangiliklardan boxabar boʻlishingiz mumkin. Yana samolyot bortida bilganlarimiz shu boʻldi: Turkiyada 81 provinsiya mavjud. Aholi soni ayni paytda 81 million nafar. Nufusi koʻpligi boʻyicha Istanbul ilk oʻrinda — 16 millionga yaqin kishi! Anqarada esa 5,5 million aholi istiqomat qiladi. Bu roʻyxatda keyingi pogʻonalarni Izmir (qariyb 4 million 300 ming), Bursa (3 million atrofida), Antaliya (2 million 400 ming nafardan ortiq) shaharlari egallagan. Iqtisodiy salohiyatiga koʻra, Turkiya dunyodagi katta yigirmatalikka kiruvchi davlatlardan biri sanaladi.

Parvoz chogʻida targʻibotning ushbu samarali usuli mamlakatimiz Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida ham qoʻllanila boshlaganini eshitib quvondik.
Uzoq yoʻl bosib, Yer sharining boshqa bir nuqtasiga qoʻnsangiz-u, oʻzingizni oʻz yurtingizdagidek his qilsangiz... Buyam bir hikmat emasmi?! Avvalo, soʻzimizni iqlim oʻxshashliklaridan boshlaylik. Soat kunduzgi 9:30. Anqarada havo harorati 22 daraja iliq. Poytaxtimizdagi kabi ahyon-ahyon yengil shabada ham esib turadi. Shahar atrofi qir-adirlar bilan oʻralgan. Anqara maydoni pastu balandliklardan iborat. Osmonoʻpar binolar u qadar koʻp emas. Bu borada ham Toshkentni yodga soladi. Odamlari juda iltifotli.
Safarimizning ilk sanasi yakshanba kuniga toʻgʻri kelgani bois mehmonxona atrofidagi koʻchalarni yayov kezamiz. Soat doʻkoni oldida oʻzini Mehmedbey deb tanishtirgan oʻrta yoshli kishi bizni qoʻyarda-qoʻymay ichkariga boshlaydi. Oʻzbekistondan ekanligimizni eshitib “O, ota makon” deya darhol bizni choy bilan mehmon qiladi. Imom Buxoriy, Iso Termiziy va boshqa aziz avliyolarimiz nomlarini tilga oladi. Doʻkonida ishlovchi Nazira ismli oʻzbekistonlik qizning goʻzal xulqu odobidan soʻz ochadi. Anqaraning gavjum koʻchalaridan uchtasi Oʻzbekiston, 12 tasi Toshkent, 8 tasi Samarqand va 11 tasi Buxoro nomi atalishini eslatadi. Kelasi yili oilasi bilan Samarqand ziyoratiga borishni diliga tukkanini gapirib beradi. Ana shu damda Oʻzbekistondek tabarruk zamin farzandlari ekanligimizdan faxrlanib ketamiz.

Koʻcha boʻylab bir necha chaqirim yurgach, yoʻlimiz Qizil oy maydoniga tutashdi. Bu yerda asli Samarqand viloyatining Nurobod tumanidan boʻlgan yurtdoshimiz Sherali Tojiyevni uchratdik.
— Ikki yildirki shu yerda ishlayman, — deydi u. — Turk hamkasblarimizning qurilish sohasidagi tajribalarini oʻrganyapman. Rostini aytsam, oʻzbekistonliklarga bu yerda alohida hurmat koʻrsatishadi. Qardoshlarimiz, deya ardoqlashadi. Kelgusida oʻrganganlarimni yurtimizda qoʻllash niyatim bor. Qolaversa, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanishi bilan Turkiyaga Oʻzbekistondan keluvchi sayyohlar soni ham keskin koʻpaydi. Bu yerda bir oygacha vizasiz yurish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani samarasi bu!

Suhbatimiz nihoyasida Sherali aka bizni Anqaraning Kechioʻren tumanida joylashgan tamaddixonaga taklif qildi. Aytishicha, shu hududda “Ozbek sofrasi”, “Samarkand sofrasi” deb nomlangan ikki oshxona bor ekan. Bu yerning palovi, somsasi, shoʻrvasi va mantisi juda mashhur ekan. Biz, kelgusida, albatta, ana shu ajoyib manzillarda ham mehmon boʻlishni dilimizga tugib, hamyurtimiz bilan “Oʻzbekistonda koʻrishguncha” deb xayrlashdik.
Uch ibratli tajriba
Yirik megapolislarning ibratga loyiq jihatlari koʻp boʻlishi tabiiy. Anqara ham bundan mustasno emas. Eʼtiborimizni tortgan birinchi jihat piyodalar yoʻlaklari oʻrtasiga bir qator qilib oʻrnatilgan maxsus qoplamalar boʻldi. Bunday manzaraga shaharning deyarli barcha yirik koʻchalari boʻylarida duch keldik. Angladikki, boʻrtma va chuqur izli koshinlarning aniq vazifasi bor. Yaʼni, ayni shu nuqtalar boʻylab harakatlangan koʻzi ojiz insonlar manzilidan adashmasin. Binobarin, boshqa yoʻlovchilar bilan toʻqnashib ketish xavfi kamayishi ham turgan gap. Shunday ekan, bunday qulaylik Oʻzbekistonning barcha yirik va gavjum shaharlarida joriy etilsa, foydadan xoli boʻlmacdi.
Yana bir ibratga loyiq tajriba: har oʻttiz-qirq qadamda maxsus ustunlarga katta yelim idishlar oʻrnatilib, ichiga maxsus yelim xaltalar joylangan. Bu — tozalikka xizmat qiluvchi omil. Muhimi, ularga tashlangan chiqindilarni olib ketish, tashish va qayta ishlash birmuncha qulay va oson.
Yana bir jihat. Anqarada Oʻzbekistondagi kabi mahobatli toʻyxonalarni uchratmadik. Aksincha, nikoh marosimlari oʻtkaziladigan manzillarning bari bir qavatli. Nari borsa, 200 oʻringa moʻljallangan. Odmi va oʻz oʻrnida shinam boʻlgan bu kabi maskanlarda ortiqcha hashamatga koʻzingiz tushmaydi. Mezbonlar vakilining aytishicha, Turkiya toʻylari 100-150 chogʻli mehmon ishtirokida oʻtadi. Isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmaydi. Toʻy dasturxoni turfa noz-neʼmatlarga toʻldirib tashlanmaydi. Ayniqsa, nonni juda tejab isteʼmol qilishadi. Turli koʻkat va rezavorlar aholining kundalik taomnomasidan muqim joy olgan. Bu mamlakatda keyingi yillarda yigit va qizlarning turmush qurish yoshi birmuncha uzaygan boʻlsa-da (oʻrtacha 30-35 yosh), ammo nikoh marosimi bilan bogʻliq taomillarda pulni koʻkka sovurishga xizmat qiluvchi holatlar yoʻq. Buning oʻrniga, tejab qolingan mablagʻ kelin-kuyovning kelgusi hayoti uchun zarur boʻlgan jihozlar xaridiga yoʻnaltiriladi.
“Ommaviy madaniyat” jiddiy tahdid solayotgan hozirgi kunimizda har masalaga yuqoridagi kabi oqilona yondashuv zarur, degan xulosaga keldik.
Boshqarmaning “yuragi” bor
Safarimizning ilk rasmiy uchrashuvi manzili — Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasi. Bu yerda mazkur nufuzli idora faoliyati haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik.

— Boshqarmamizga Turkiya ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir yangiliklar, voqeliklarni birinchilar qatorida ommaga aytish vakolati berilgan, — deydi boshqarmaning media aloqalar koordinatori Mujahid Eker. — Mamlakatimizdagi barcha tashkilot va idoralarning kommunikatsiya sohasiga doir faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi ham zimmamizda. Bundan tashqari, xorijda ijtimoiy diplomatiya yuritamiz. Xalq va davlat oʻrtasida ochiq muloqotni taʼminlaymiz. Media sohasiga doir ishlarni takomillashtiramiz. Jurnalistlarni akkreditatsiyadan oʻtkazish, ularning davlat tashkilotlaridan axborot olishini yengillashtirish masalalari ham boshqarmamiz ishining muhim yoʻnalishlaridandir. Aholini davlatimiz rahbarining kundalik, haftalik dasturlaridan xabardor qilamiz. Prezidentimizning boshqa mamlakat yetakchilari bilan telefon orqali muloqotlarini tashkillashtiramiz. OAVdagi chiqishlarini uyushtiramiz...
Binobarin, Mujahidbey boshqarmada xalq bilan muloqot tizimi yoʻlga qoʻyilganiga alohida toʻxtalib oʻtarkan, Prezident huzuridagi Aloqa markazi (SIMER) shunday loyihalardan biri ekanligini aytib oʻtdi. Unga har bir fuqaro oʻz shikoyat va arizalari bilan murojaat qilishi mumkinligini, yoʻllangan murojaatlarni koʻrib chiqish muddati 21 kundan 14 kunga qisqartirilganini qayd etdi. Boshqarma mutasaddisining aytishicha, SIMER ish boshlaganidan buyon oʻtgan bir yil davomida bu yerga 3 million 11 ming 90 ta murojaat kelib tushgan va ularning aksariyati ijobiy hal etilgan.
Shu oʻrinda Prezident Virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonalari kabi odamlar muammolarini hal etishning samarali mexanizmlari Oʻzbekistonda 2016-yildayoq joriy etilganini yodga oldik. Shuningdek, Kommunikatsiya boshqarmasida shu yildan boshlab faoliyat boshlagan “Oʻlkam uchun fikrim bor” loyihasi mamlakatimizda bir necha yildirki, “Mening fikrim” portali tarzida ish olib borayotgani ham eʼtirofga loyiq jihatdir.
Xabarlar monitoring markazi — Kommunikatsiya boshqarmasining “yuragi”. Bu yerda bir zum boʻlsa-da ish toʻxtamaydi. Xodimlar 24 soat davomida, uch navbatchilikda mehnat qiladi. Dunyoning turli nuqtalarida Turkiya nomi bilan bogʻliq chop etilgan har qanday xabar, yangilik yoki tafsilot 35 tildan turkchaga oʻgirilib, shu yerda jamlanadi va tegishligiga koʻra jumhuriyatdagi tashkilot, idora va muassasalarga joʻnatiladi. Bu yumushlar markazdagi va xorijiy mamlakatlardagi jami 150 nafarga yaqin malakali tarjimon zimmasida. Oʻz navbatida, Turkiya siyosatiga doir eng muhim yangiliklar 6 nafar mutaxassis koʻmagida turk tilidan boshqa tillarga oʻgirilib, xorijiy OAVlarga tarqatiladi.
— Oʻzbekiston bilan aloqalarimiz kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonchimiz komil, — dedi Mujahid Eker suhbat yakunida. — Barcha sohada hamkorlik koʻlamini kengaytirishdan ikki davlat ham birdek manfaatdor. Oʻz faoliyat yoʻnalishimizdan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, yaqin istiqbolda yurtingizda media sohasidagi aloqalarimizni yuqori bosqichga koʻtaradigan loyihalarni amalga oshirish niyatimiz bor. Oʻylaymanki, bu ikki qardosh xalqning, ikki doʻst va birodar davlatning bundan-da yaqinlashuviga mustahkam koʻprik boʻladi.
Doʻstlik koʻprigi
Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi — TIKAga nisbatan shunday taʼrif berishadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, begʻaraz yordam — tashkilotning bosh maqsadi. 1992-yildan buyon agentlik dunyoning turli nuqtalarida ezgulikka yoʻgʻrilgan oʻz loyihalarini roʻyobga chiqarib kelmoqda. Bundan manfaat koʻrayotganlar esa, eng avvalo, oʻsha yurtning oddiy odamlari. Loyihalar turfa xil. Ular orasida taʼlim, salomatlik, turizm yoʻnalishlari ustuvor oʻrin egallaydi. Xususan, TIKA tomonidan Oʻzbekistonda oʻtgan davrda umumiy qiymati 41 million AQSH dollaridan ziyod texnik koʻmak grant loyihalari amalga oshirildi. 2019-yil nihoyasiga koʻra, koʻrsatkichlar yanada ortishi kutilayotir.

Shunday muhim loyihalardan navbatdagisi Oʻzbekistonda Istanbulning “Gebze” tashkiliy sanoat zonasi filiali ochilishi boʻladi. Bu mamlakatimizda Turkiya ishbilarmonlarining investitsiyaviy faoliyati uchun yanada keng imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
— Oʻzbekistonni qardosh oʻlka sifatida juda qadrlaymiz, — deydi Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi raisi oʻrinbosari Rahman Nurdin. — Bu mamlakat juda qadim tarixga, boy madaniyatga ega. Tabarruk zaminingizdan koʻplab allomalar, ulugʻ zotlar yetishib chiqqan. Oʻlkangiz Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan. Mintaqa davlatlari taraqqiyotida alohida oʻrin tutadi. Biz keyingi yillarda mamlakatingizda yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni, islohotlarni mamnuniyat bilan kuzatib boryapmiz. Shu maʼnoda, agentligimiz Oʻzbekistonda koʻplab foydali loyihalarni roʻyobga chiqarishga intilib keladi. Asosiy maqsadimiz ikki tomonlama munosabatlarni yuqori bosqichga koʻtarish. Oʻzbekiston xalqining yanada farovon hayot kechirishiga oʻz hissamizni qoʻshish!
Ikki muhim xushxabar
Turkiyaga safarimiz davom etayotgan bir pallada davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yangi pogʻonaga koʻtarilib borayotganiga doir ikki muhim xushxabar eshitdik. Shulardan biri Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish toʻgʻrisidagi Naxichevan Bitimini (Naxichevan, 2009-yil 3-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunning imzolanishi boʻldi. Bu ezgu qadam turk dunyosi, shu jumladan, Turkiya Respublikasi jamoatchiligi tomonidan tarixiy voqelik sifatida kutib olindi.
— Oʻzbekiston turkiy tilli davlatlar orasida alohida nufuzga ega, — deydi Xorijdagi turklar va va qardosh jamiyatlar boshqarmasi koordinatori Sevilay Yildirim. — Soʻnggi uch yil davomida mamlakatingiz qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlashga erishdi. Nafaqat chegaralarini, balki bagʻrini ham keng ochdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu yoʻldagi saʼy-harakatlarini yuksak olqishlaymiz. Ishonchim komilki, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish Oʻzbekistonning ezgu ishlari uchun yanada keng yoʻl ochadi. Qolaversa, bu turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun zamin boʻladi.
Yana bir muhim yangilik: 16-sentyabr Toshkent va Anqara munosabatlari tarixida unutilmas kun boʻlib qoldi. Negaki, ayni shu sanada ikki shahar oʻrtasida “Birodarlashuv aloqalarini oʻrnatganlik haqida” memorandum imzolandi.

— Turkiya va Oʻzbekiston nafaqat madaniyat, sanʼat, turizm kabi sohalarda, balki savdo-sotiq, sanoat, qurilish, shaharsozlik jabhalarida ham oʻzaro yaqin hamkorlarga aylanib ulgurdi, — deydi Anqaradagi yirik turizm kompaniyalaridan birining masʼul xodimi Karem Oʻzkan. — Shunday ekan, har ikki poytaxt shaharning bir-biridan oʻrganadigan jihatlari koʻp. Anqara ham, Toshkent ham koʻp jabhada yuqori salohiyatga ega. Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish esa Turkiya va Oʻzbekistonning bosh kentlari istiqboliga xizmat qiladi. Shunday ekan, qardosh xalqlarning yaqinlashuvi, shaharlarimizning birodarlashuvini eshitib, juda xursand boʻldim. Oʻylaymanki, kelajakda bunday manzillarimiz safi yanada kengayadi.

...Albatta, intilish bor joyda yuksalish boʻladi. Taraqqiyot kafolati esa hamjihatlikda! Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlarining bugungi yangi bosqichi, uning hayotiy samaralarini qardosh xalq vakillari, jumhuriyatning davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari samimiy dil soʻzlaridan yanada teranroq anglagandek boʻldik. Ammo hali aytmoqchi boʻlganlarimiz koʻp. Bularni bir maqolaga jamlash esa imkonsiz. Shunday ekan, safar taassurotlari bilan bogʻliq navbatdagi chiqishlarimizda Turkiya va Oʻzbekiston parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari hamda ushbu mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir ibratli tajribalarni kengroq yoritishni maqsad qildik.
Farrux BOʻTAYEV (“Xalq soʻzi”).
Toshkent — Anqara — Istanbul — Toshkent.
Hotam MAMADALIYEV olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring