Oʻzbekiston — Turkiya: oliy taʼlim muassasalari hamkorligining yangi bosqichi

21:06 30 Yanvar 2022 Madaniyat
1672 0

Samarqandda Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirni Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Xurshid Ochilov kirish soʻzi bilan ochdi. Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, professor Rustam Xolmurodov Turkiya delegatsiyasiga tashrif uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari uchun hamkorlikning yangi davri boshlanayotganini taʼkidladi.

— Samarqand davlat universiteti alohida eʼtiborga molik, — deydi Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Oʻzvar. — Universitet Turkiyaning yetakchi Anqara, Istanbul, Egey, Marmara universitetlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Samarqand davlat universitetining nihoyatda salohiyatli va nufuzli ekanligiga amin boʻldim. Universitet rektori bilan suhbatlashdik. Professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyishni kelishib oldik. Toʻgʻrisini aytganda, Oʻzbekistondagi oʻzgarishlar bizni quvontirdi. Oʻylaymanki, bundan keyin ham oʻzaro qardosh xalqlar sifatida taʼlim sohasi yana koʻplab loyihalarni amalga oshiramiz.

Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim muassasalari rektorlari oʻzaro suhbatlarda ikki taraflama hamkorlik aloqalarini kengaytirish, hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etish, birgalikda turli sohalar boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borish yuzasidan kelishib oldilar.

— Samarqand va Istanbul universitetlari hamkorligi Mirzo Ulugʻbek va Ali Qushchilar davriga borib taqaladi, — deydi Istanbul universiteti rektori, professor Mahmud Ak. — Biz Samarqand davlat universiteti bilan tarix, aniq fanlar va adabiyot yoʻnalishlari boʻyicha almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻymoqchimiz. Ikki universitetning bunday yaqin munosabatlarni oʻrnatishida tashabbus koʻrsatayotgan Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovga minnatdorligimni bildiraman.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili sentyabr oyida Samarqand davlat universiteti kuni munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tantanalarida Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi Erol Oʻzvar boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib, istiqboldagi rejalar koʻrib chiqilgandi. Jumladan, Oʻzbekistonda oʻzbek-turk universitetini tashkil qilish koʻzda tutilgan. Ushbu taʼlim maskani barpo etilgach, ikki mamlakat universitetlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanadi.

Otabek SAʼDULLAYEV,

SamDU axborot xizmati xodimi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер