Oʻzbekiston — Turkiya: hamkorlik aloqalarining yangi ufqlari
Joriy yil 13-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilovning Turkiya Buyuk millat majlisi Tashqi aloqalar komissiyasi raisi Fuat Oktay bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Keyingi yillardagi oliy darajadagi tashriflar yakunida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro munosabatlar tarixida butunlay yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, aloqalarimiz keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqildi. Bu ikki qardosh xalqning yutugʻidir.
Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar barqaror, doʻstona tarzda rivojlanmoqda. Qardosh davlatlar rahbarlarining yaqin munosabatlari, barcha sohadagi oʻzaro ishonchi parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻz navbatida, F.Oktay mamlakatimizda boʻlib oʻtgan Prezident saylovining xalqaro saylov standartlariga muvofiq oʻtganligini alohida qayd etib, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholadi.
Konstruktiv va oʻzaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Oʻzbekiston-Turkiya” parlamentlararo doʻstlik guruhi faoliyati va uning doirasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar eʼtirof etilib, uning faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham koʻrib chiqildi.
Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni har tomonlama davom ettirishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring