Oʻzbekiston temir yoʻllari muammolarning uyasimi?
Anvar Doʻstmuxammedov: – Xizmat safari bilan Surxondaryoga viloyatiga bordim. Safarim biroz choʻzilgani uchun, shaharga qaytishda biletni plastik kartaga oldim. Ammo rejalar oʻzgarib, Toshkentga ikki kundan keyin qaytishimga toʻgʻri keldi. Vokzalga borib, chiptamni oʻzgartirmoqchi boʻlsam, plastik kartaga olganim uchun yigirma bir kun ichida pulingizni tushirib beramiz deyishdi. Ortiqcha yonimda pul yoʻq.“Jarima puli”ni chipta pulidan “qayirib” qolishdi. Naqd teng yarmi. Qolgan yarimini boʻlsa plastik kartamga tashlab berishlarini aytdi.Qancha harakat qilmay ammo baribir yonimdan chipta olishga toʻgʻri keldi.
Plastikdagi pul pul emasmi?!
Plastik kartaga pulni qayta tushirish uchun yigirma bir kun vaqt ketadimi?! Zamon texnologiyalari rivojlangan asrimizda oʻn daqiqa koʻplik qiladi aslida. Vaqt olmaydi. Bu Oʻzbekiston Temir yoʻllaridagi yagona muammo emas. Bu muammolarning bir parchasi. Bunday noqulaylik bizga birinchidan oʻz pulimizga egalik hissini yoʻqotadi. Har doim yonimizda qoʻshimcha pul boʻlavermaydi. Masalan taʼtilga qaytgan talabalar nima qilsin?! Stipendiyasiga chipta sotib olsa-yu ammo oʻqishidan biror vaziyat chiqib qolsa qishloqdagi ota-onasini bezovta qilishga toʻgʻri keladi. Xoʻsh, oʻsha plastik kartadagi pul oʻzimizniki emasmi?! U halol mehnatimiz uchun berilgan pul. Nega endi u temir yoʻl kassasida sizni oʻn kun kutishi kerak. Undan koʻra almashtirmoqchi boʻlgan chiptamizni shu puldan yechib olsa boʻlmaydimi?! Yoki tizim va texnika yaxshi boʻlsa “bitta tugma”ni bosish orqali ham bir-necha soniyada plastik kartamizga tushirish imkoniyati bor. Bu uchun albatta oʻsha oʻn kunni kutishimiz shart emas.
Biznes klassning narxi qancha?
Yoz kunlari Andijonga toʻyga bordim. Yoz kuni emasmi, vagonga kirishim bilan nafasim qaytdi. Hali vaqt borligi uchun, yuklarimni ichkariga qoʻydimda tashqarida turdim. Vagon xizmatchisidan:
– Boshqa toza joy yoʻqmi? Nimaga kondsioner ishlamayaptimi,-dedim.
– Yoʻq ishlamayapti, xohlasangiz sizni “biznes klass”ga oʻtkazib qoʻyaman.
Xarajatini koʻtarsangiz boʻldi. Bir vagonga qaradim, bir vagon xizmatchisiga.
– Xarajati qancha boʻladi.
- 30 ming.
Oʻylaymanki bunday holat faqat men bilan yuz bermagan.
Ikkinchidan, temir yoʻl kassalarida navbatga turishni eslang. Eh-he bitta chiptani olish uchun shaxsan oʻzimning ikki soatdan ortiq vaqtim ketgan. Elektron navbat ham joʻyali ishlamaydi. Bunday vaziyatda chet ellik sayyohlarning u kassadan, bu kassaga yugurib yurganlarini koʻrganman. Bu bugungi kunda Oʻzbekiston turizmiga baho berayotgan mehmonlarimizning “uzuuun navbat” Oʻzbekiston haqida dastlabki fikri boʻlishi achinarli.
Uchinchidan, agar chiptangizni qaytib bermoqchi boʻlsangiz yigirma toʻrt soat ichiga (poyezd joʻnash vaqtiga) oʻtib ketsa bormi chipta pulining yarmidan kamrogʻi ham qoʻlingizga tekkanidan xursand boʻling. “Naqd pulga chipta olmaganimiz uchun jazo sifatida” temir yoʻl kassasidagi chiroyligina qiz yuzingizga kulib: -Pulingizni oʻn kun ichida plastik kartangizga tashlab beramiz,-deydi. Xafsalangiz pir boʻladi. Qancha kuyunmang, temir yoʻlning “kattakon”iga arz qilsangiz ham oʻn kun kutishingizga toʻgʻri keladigan javob olasiz. Boshqa kunga oʻzgartirib chipta olish kerak. Eng achinarlisi pul oʻzingizniki boʻlsa-yu ammo uni ololmasdan sarson yurganingiz qiyin. Bunday vaziyatga koʻpchiligimiz tushganmiz.
Toʻrtinchidan Oʻzbekiston Temir yoʻllarining railway.uz rasmiy veb-saytida onlayn qabulxonaga yuborgan murojaatingiz ham “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida ham koʻrsatilganidek ariza va shikoyatlar oʻn besh kun ichida emas balki undan ham koʻp vaqt saytda koʻrinmas “qalpoq”dek arxivda yotadi.
Xullas, doimgidek aytadigan muammo koʻp-ku yechim qani dersiz. Yoki bu muammolar “otam zamondan” beri bor “aytiladi-aytiladi” yechilmaydi deb oʻylarsiz. Shoshmang buyuk islohotlar har doim kichik tuzatishlardan boshlangan.Oʻzbekiston Temir yoʻllari xususida aytilmagan (va balkim aytila olinmaydigan) muammolar hali koʻpligini taʼkidlamay ilojimiz yoʻq. Asosiysi ular muammoligicha qolmasa, yechimlar izlansa, xalqimiz uchun “muammoli qulaylik” boʻlmasa boʻldi. Axir isteʼmolchilar huquqni himoya qilish barchamizning zimmamizdagi katta masʼuliyat. Hechqachon “xalq puli”idan urib qolishga hechkimning haqqi yoʻq.
Ayjamal JOLDASBAYEVA
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassis
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring