Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati yoshlar siyosati va ekologik tashabbuslarni kengaytirmoqda
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ekologiya, yashil hududlarni kengaytirish va yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlariga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mamlakatda nafaqat iqtisodiy oʻsishni, balki barqaror va muvozanatli rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan yagona tizimni shakllantirmoqda. Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) ham oʻz faoliyatida inson kapitalini rivojlantirish, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va ekologik masʼuliyatni kuchaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan.
Xususan, TMK tomonidan tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi ushbu yondashuvning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbir doirasida kombinat tasarrufidagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish zavodida faoliyat yuritayotgan 50 nafar iqtidorli yosh mutaxassislar bilan rahbariyat oʻrtasida bevosita va ochiq muloqot oʻtkazildi.

Bugungi kunda TMK tizimida yoshlar umumiy ishchi-xodimlarning qariyb 30 foizini tashkil etayotgani, ularning kombinat rivojidagi roli tobora ortib borayotganini koʻrsatadi. Uchrashuv davomida kombinatda amalga oshirilayotgan yirik sanoat loyihalari, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, xalqaro hamkorliklar hamda innovatsion rivojlanish strategiyasi haqida batafsil maʼlumot berildi. Shu bilan birga, sanoatni modernizatsiya qilish jarayonida yuqori malakali, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarga boʻlgan ehtiyoj alohida taʼkidlandi.
Eng muhimi, muloqot bir tomonlama emas, balki konstruktiv dialog shaklida oʻtdi. Yosh mutaxassislar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, ilmiy yondashuvni kuchaytirish va xalqaro tajribani kengroq tatbiq etishga qaratilgan aniq amaliy takliflar bilan chiqdi. Ushbu tashabbuslarning qoʻllab-quvvatlangani esa TMKda “gʻoya-tashabbus-natija” zanjiri real ishlayotganini koʻrsatadi.

“Oʻzbekiston texnologik metallar kombinatida yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Xususan, R&D Park loyihasi doirasida yoshlarning innovatsion gʻoyalari qoʻllab-quvvatlanib, ularni tijoratlashtirish va real loyihalarga aylantirish yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, AQSHning top universitetidan biri Massachusetts Institute of Technology bilan hamkorlik doirasida yosh mutaxassislar Horizon dasturlarida ishtirok etib, xalqaro darajadagi nufuzli sertifikatlarga ega boʻlish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, kombinatning koʻplab xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorligi esa yoshlarga xalqaro tajriba orttirish, amaliyot oʻtash, dual taʼlim olish imkonini bermoqda”, — deydi TMK Boshqaruv raisining yangi texnologiyalar, innovatsiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Amir Abidov.
TMK faoliyatida ekologiya masalalari alohida strategik yoʻnalish sifatida qaralmoqda. Kombinat tomonidan yashil energetikani rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitga taʼsirni minimallashtirishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. “Yashil makon” loyihasi doirasida oʻtkazilgan daraxt ekish aksiyasi esa ushbu siyosatning amaliy ifodasiga aylandi. Tadbirda rahbariyat va yoshlar birgalikda mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekib, ishlab chiqarish hududlarida ekologik muvozanatni mustahkamlashga hissa qoʻshdi.

Bu model bugungi kunda nafaqat korporativ boshqaruvning samarali yechimi, balki mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati va barqaror rivojlanish strategiyasining amaliy ifodasidir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring