Oʻzbekiston – Tatariston sogʻliqni saqlash kunlari yakunlandi. Unda qanday natijalarga erishildi?

11:46 21 Noyabr 2023 Jamiyat
173 0

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 10-noyabr kunidan mamlakatimizda Oʻzbekiston – Tatariston sogʻliqni saqlash kunlariga start berilgan edi. 

Jizzax viloyatida mazkur aksiya yakunlariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.

Unda Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri M. Minnullin, shuningdek, ikki mamlakatning sogʻliqni saqlash sohasi masʼullari, Tataristonning yetakchi xususiy tibbiyot markazlari hamda yirik farmatsevtika korxonalari vakillari, respublikamizdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, tibbiy oliy taʼlim muassasalari, hududiy tibbiyot maskanlari rahbarlari ishtirok etdi.

Anjumanda qayd etilganidek, oʻzbek va tatar xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻp qirrali munosabatlar, xususan, tibbiyot sohasidagi manfaatli aloqalar oxirgi yillarda jadal rivojlanib bormoqda.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Qozon shahrida Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvi oʻzaro hamkorlik munosabatlariga katta turtki berdi.

Qolaversa, shu yilning avgust oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkilotining sogʻliqni saqlash vazirlari yigʻilishi va Turkiy dunyo tibbiyot Kongressida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatovning Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri M. Minnullin bilan uchrashuvida ham muhim kelishuvlarga erishilgan edi.

Tadbirda Tatariston sogʻliqni saqlash vaziri M. Minullin va ushbu mamlakatdan kelgan shifokorlar ham soʻzga chiqib, oʻzaro hamkorlik natijasida ikki mamlakat tibbiyot sohasida ulkan natijalarga erishayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston – Tatariston sogʻliqni saqlash kunlari doirasida, eng avvalo, ogʻir xastaliklardan aziyat chekayotgan 140 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarildi. Shuningdek, 200 dan ortiq maslahatlashuvlar oʻtkazildi.

Bundan tashqari, tataristonlik mehmonlar Oʻzbekiston tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlari bilan tanishib, joylarda aholi uchun tibbiy koʻriklar, mahalliy shifokorlar uchun mahorat darslari, seminarlar tashkil etildi.

Buning uchun Tataristonning yetakchi tibbiyot markazlarida ishlovchi eng mohir mutaxassislar, kardiologiya, urologiya, ginekologiya, onkologiya, oftalmologiya, travmatologiya, pediatriya kabi yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali professor-olimlar yurtimizga tashrif buyurib, oʻzbekistonlik hamkasblari bilan oʻzaro bilim va tajriba almashdi.

Aksiya doirasidagi aksariyat operatsiyalar bemorlar uzogʻini yaqin qilish maqsadida asosan hududlarda oʻtkazildi. Natijada Toshkentdan boshlangan qoʻshma amaliyotlar Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Xorazm va Toshkent viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi kabi qator hududlarni qamrab oldi.

Anjumanda yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasini transformatsiya qilish, tibbiy taʼlimni takomillashtirish hamda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Hozirda bu boradagi amaliy ishlar boshlab yuborildi. Jumladan, aksiya doirasida viloyat tibbiyot muassasalari hamda Tataristonning yetakchi klinikalari, ixtisoslashtirilgan markazlari va tibbiyot oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik oʻrnatildi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida Jizzax viloyat perinatal markazi hamda viloyatda barpo etilayotgan zamonaviy koʻp tarmoqli tibbiyot markazi boshqaruv tizimida tataristonlik malakali mutaxassislar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, viloyat sogʻliqni saqlash tizimining barcha boʻgʻinlarida mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlari uchun Tataristonning nufuzli klinikalarida qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar va malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Oʻz navbatida, tataristonlik mutaxassislar ishtirokida kelgusida ham yurtimiz tibbiyot muassasalarida qoʻshma tadbirlar oʻtkazish yuzasidan aniq rejalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер