Oʻzbekiston sanʼat ustalari «7-Chejudo xalqaro xor festivali va simpoziumi»da ishtirok etdi
21-23-fevral kunlari Janubiy Koreyaning Chejudo provinsiyasida “7-Chejudo xalqaro xor festivali va simpoziumi” boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbirda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, AQSH, Indoneziya, Filippin va Janubiy Koreya sanʼatkorlari oʻz madaniy dasturlari bilan ishtirok etdilar.
Festivalning ochilish marosimida soʻzga chiqqan mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasi vakillari Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan munosabatlarning barcha yoʻnalishlarda, jumladan, madaniy-gumanitar sohalarda ham izchil rivojlanayotganini taʼkidlashdi.
Oʻzbekiston Davlat filarmoniyasi rahbari Anvar Tojiboyev boshchiligidagi sanʼatkorlar jamoasi ijro etgan “Segoh”, “Alla”, “Yor-yor”, “Yod aylamading” va “Oʻzbekiston” taronalari festival ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Tashkil etilgan maxsus Sanʼat va madaniyat simpoziumi doirasida Oʻzbekistonning boy madaniy merosi hamda milliy qoʻshiqchilik anʼanalari taqdimot orqali mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar orasida keng targʻib qilindi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida Janubiy Koreya Madaniyat va sanʼat markazlari assotsiatsiyasi prezidenti Li Sin Chjon, 7-Chejudo xalqaro xor festivali va simpoziumi bosh kotibi Kim Xyun Don va Xalqaro xor simpoziumi qoʻmitasi raisi Li Yun Jo bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi.
Ularda davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingani barobarida joriy yil davomida oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlarda birgalikda ishtirok etish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring