Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish masalasiga oid Qonun koʻrib chiqildi

10:38 06 Fevral 2026 Siyosat
452 0

Senatning oʻn uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vengriya oʻrtasida ushlab berish toʻgʻrisidagi Shartnomani (Budapesht, 2025-yil 20-may) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi va Vengriya oʻrtasida jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam sohasida aloqalarni tartibga solishni, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik mexanizmlarini yanada takomillashtirishni nazarda tutadi.

Shartnomada ushlab berishni amalga oshirish shartlari, soʻrovlarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi, ushlab berishni rad etish asoslari, shuningdek, shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga doir normalar aniq belgilab qoʻyilgan.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki davlat oʻrtasida huquqiy sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, xalqaro jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirishga koʻmaklashadi.

Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar doirasidagi majburiyatlari izchil bajarilishini taʼminlash, huquq ustuvorligi tamoyillarini yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV

(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер