Majlisi Senati Raisi Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Majlisi Oli raisi bilan uchrashdi
28-oktyabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva va Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Majlisi Oli raisi M.Zokirzoda oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda davlat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va qoʻllab-quvvatlashi tufayli soʻnggi 5 yilda qardosh Oʻzbekiston va Tojikiston xalqlari oʻrtasida doʻstlik va oʻzaro hamjihatlik muhiti mustahkamlangani taʼkidlandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva taʼkidlaganidek, mamlakatlar oʻrtasidagi oliy darajadagi ochiq, ishonchli va amaliy muloqot barcha muhim yoʻnalishlarda Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarini misli koʻrilmagan darajada faollashtirishga va ikki tomonlama munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga koʻtarishga xizmat qildi. Ochiq va ishonchli parlamentlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Oliy Majlisining Tojikiston Majlisi Oli bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruh tuzildi.
Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi muloqotni faollashtirish va qonun ijodkorligining turli jihatlari boʻyicha oʻzaro tajriba almashishni davom ettirish zarurligini qayd etdi.
Muloqot yakunida tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalda roʻyobga chiqarish, shuningdek, iqtisodiy masalalarga alohida eʼtibor qaratgan holda qabul qilingan tegishli “yoʻl xaritalari”, parlament eʼtiborini talab qiladigan qator qoʻshma loyihalar boʻyicha kelgusidagi vazifalarni belgilab oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring