Oʻzbekiston qancha gulqogʻoz import qiladi?

16:48 18 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
1761 0

Hech oʻylab koʻrganmisiz, Oʻzbekistonga chetdan qancha gulqogʻoz kirib keladi? Bizda mazkur qurilishbop mahsulotni ishlab chiqarishga qanchalik eʼtibor qaratilmoqda? Bozor ehtiyojini toʻldira olyapmizmi?Bu kabi savollarga yaqinda “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tashabbusi bilan Toshkent shahrida shu yoʻnalishda faoliyat koʻrsatayotgan “Pergament Quality Exclusive” korxonasiga uyushtirilgan press-turda javob olishga harakat qildik.

Mutaxassislarning aytishicha, respublikamizga bir yilda 10-12 million oʻram gulqogʻoz chetdan olib kelinadi. Ayni paytda yurtimizda bunyodkorlik ishlar jadal tus olib,koʻplab turarjoylar barpo etilayotganini inobatga olsak, bu mahsulotga boʻlgan talab oshsa-oshadiki, aslo kamaymaydi.

Shu maʼnoda, korxonaning flezilin asosidagi vinil gulqogʻozlari xonadon va ofislarni bezatishda ayni muddaodir. Vaholanki, Yakorshu kunga qadar mamlakatimizda ushbu mahsulot toʻligʻicha import hisobidan qoplab kelinardi.

— Korxonamiz nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoda yagona flezilin asosli vinil gulqogʻozlar ishlab chiqaruvchisidir, — deydi “Pergament Quality Exclusive” MCHJ taʼsischisi Avaz Gʻaybullayev. —Mahsulotlarimiz sifati Yevropa ishlab chiqaruvchilariniki bilan bir xil boʻlishiga qaramay, bozorga chet elnikidan ikki baravar arzon narxda yetkazib berilmoqda.

Korxonada yiliga 2 million 640 ming oʻram gulqogʻoz ishlab chiqariladi. Demak, bundan koʻrinadiki, korxona importning 10 foizini qoplaydi, xolos. Shu bois jamoa bu miqdor bilan cheklanib qolmoqchi emas. Gap shundaki, kelgusi yildan ikkinchi liniya ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi 2 baravar oshiriladi. Bundan tashqari, xomashyoning 30-40 foizini mahalliylashtirish, turdosh qurilish materiallari ham ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Korxona tomonidan joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida 39 milliard soʻmlik gulqogʻoz ishlab chiqarilgan boʻlsa, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Ozarbayjon va Hindistonga 1,4 million AQSH dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Gulqogʻozga boʻlgan talab yuqori ekan, uni ishlab chiqaruvchilarni koʻpaytirish zarur.Zero, ushbu tarmoq rivojiga ehtiyoj bor.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari korxonaning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Dilshod ULUGʻMURODOV.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер