Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligini qayd etdi
Foto: president.uz
Amaliy hamkorlikni kengaytirish, kooperatsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va ilgari surish, innovatsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish masalalari hamda Oʻzbekiston-Turkiya keng koʻlamli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning boshqa jihatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-aprel kuni Turkiya Respublikasi sanoat va texnologiyalar vaziri Mustafo Varank boshchiligidagi delegatsiya bilan oʻtkazgan uchrashuv kun tartibidan oʻrin oldi.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning topshirigʻiga binoan mamlakatimizga kelgan delegatsiya tashrifining maqsadi - “Togg” brendi ostida ishlab chiqarilgan birinchi milliy elektromobilni namoyish etish va topshirish.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlikda bugungi jadal surʼatni, barcha darajalarda oʻzaro muloqot va almashinuvlar faollashganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bunga misol tariqasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani, ustuvor tarmoqlarda bir qator yirik investitsiya loyihalari birgalikda amalga oshirilayotgani, mamlakatlarimiz oʻrtasida muntazam aviaqatnovlar koʻpaygani taʼkidlandi.
Turkiyaning yetakchi kompaniyalarini qoʻshma, shu jumladan avtomobil sanoatidagi loyihalarni amalga oshirishga jalb qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar borligi koʻrsatib oʻtildi.
Oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish, jumladan, istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirish va uzoq muddatli sanoat dasturini qabul qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida “Togg” elektromobilining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Vazir Mustafo Varank avtotransport vositasining texnik koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berib, uning kalitini tantanali ravishda topshirdi.
Mamlakatimiz yetakchisi minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidenti va xalqini mashinasozlik tarmogʻida erishilgan ulkan muvaffaqiyat – elektromobillarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani bilan dildan qutladi.
Davlatimiz rahbari Turkiyada birinchilardan boʻlib ishlab chiqarilgan ushbu elektromobil ruliga oʻtirib, uni haydab koʻrdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring