Oʻzbekiston Prezidenti Turkiy kengashning norasmiy sammitida ishtirok etadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) videoanjuman shaklida oʻtadigan norasmiy sammitida ishtirok etadi.
Qozogʻiston tashabbusi bilan chaqirilayotgan boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvda Turkiy kengash doirasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yana-da kengaytirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida birlashmaga aʼzo mamlakatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.
2009-yil 3-oktyabr kuni tashkil etilgan kengashga Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkiya aʼzo. Bundan tashqari, Vengriya Turkiy kengash ishida kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi bu kengashga 2019-yilda qoʻshilgan. Oʻsha yili 15-oktyabrda Bokuda boʻlib oʻtgan sammitda mamlakatimiz ilk bor toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etgan.
Turkiy tilliy mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalar va ishonchni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish tashkilotning asosiy maqsadlari hisoblanadi.
Turkiy kengashning oliy organi – Davlat rahbarlarining kengashi, doimiy faoliyat yurituvchi ijro organi – Istanbul shahrida joylashgan Kotibiyat.
Bundan tashqari, TTDHK shafeligida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA) va Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro Turkiy akademiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yuritmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring