Oʻzbekiston Prezidenti koʻp qirrali Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligini tubdan kengaytirish zarurligini taʼkidladi

18:50 15 Mart 2024 Siyosat
568 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Oljas Bektenov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Bosh vazir Oljas Bektanovni yaqinda ushbu lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutladi va masʼuliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Oʻz navbatida, Qozogʻiston Hukumati rahbari Oʻzbekiston Prezidentiga Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, boʻlajak oliy darajadagi qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlik doirasida hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish jarayonida, shu jumladan vakolatli vazirlar boshchiligidagi ishchi guruh doirasida toʻsiqlarni bartaraf etish va oʻzaro kelishilgan choralarni koʻrish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz strategik sherikligida muhim yoʻnalishlar boʻlgan sanoat, transport va logistikada kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ustuvor tarmoqlardagi investitsiya dasturlarining yangi portfelini hamda transport va energetika sohasidagi mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni tubdan kengaytirish maqsadida hukumatlar darajasida yaqin va tizimli aloqalarni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер