Oʻzbekiston Prezidenti ITB bilan yangi sheriklik dasturini birgalikda amalga oshirish muhimligini qayd etdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-aprel kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassirni qabul qildi.
Yangi oʻrta muddatli sheriklik dasturi doirasida Bank guruhi bilan keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda qoʻshma loyihalar portfeli iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini qamrab olgan holda 1,3 milliard dollardan oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Forum doirasida qishloq va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, maktabgacha taʼlimni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish yuzasidan umumiy qiymati 400 million dollarlik bitimlar imzolandi.
Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik va xususiy investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash, moliyaviy vositalarni takomillashtirish, Bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilish borasida aniq loyihalarni ilgari surish, shuningdek, mamlakatimizning JSTga qoʻshilishi va innovatsion ekotizimni yaratish masalalarida texnik koʻmakni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring