Oʻzbekiston Prezidenti YXHT DIIHB missiyasi rahbarini qabul qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YXHT DIIHB) missiyasi rahbari Ursula Gachek bilan 3-iyul kuni boʻlib oʻtgan uchrashuvida boʻlajak prezidentlik sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari YXHT bilan konstruktiv muloqot, faol almashinuvlar, ochiq va samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini modernizatsiya qilishda, shu jumladan mamlakatimiz Saylov kodeksini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
YXHT DIIHB missiyasi joriy yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan Konstitutsiya boʻyicha referendumni kuzatishda ham qatnashgan edi.
Uchrashuvda umumxalq ovoz berish jarayonini xalqaro standartlarga muvofiq oʻtkazishning turli jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
DIIHB missiyasi rahbari Ursula Gachek Yangi Oʻzbekistondagi ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarini qoʻllab-quvvatladi. Mamlakatimizda shaffof va adolatli saylov oʻtkazish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring